Toshkent vaqti bilan 11 sentabr kuni soat oltida ABC telekanalida Kamala Harris va Donald Tramp o‘rtasida ilk, katta ehtimol bilan bu saylovdagi yagona debat boshlanadi. Aynan shu to‘qnashuv poyga taqdirini hal etishi mumkin: hozirda, agar ijtimoiy so‘rovlarga qaralsa, nomzodlardan hech biri yaqqol favorit hisoblanmayapti. «Meduza» debatlar qanday tashkillashtirilgani — va Tramp va Harrisdan nimalar kutish mumkinligi haqida yozdi.

Harris kampaniyaning ilk oyini ideal o‘tkazdi. Va darhol deyarli poyga favoritiga aylanib oldi

Iyun oyida Jo Bayden va Donald Tramp o‘rtasida o‘tkazilgan debatlar rekord darajada erta o‘tkazilgan debat bo‘lgandi — so‘nggi o‘n yillar mobaynida nomzodlarning yuzma-yuz bahsi faqat sentabr oyi o‘rtalariga kelib o‘tkazilgan — va misli ko‘rilmagan darajada muhim bo‘lgan. Bir yarim soat davomida amalda biror fikrini to‘liq bayon eta olmagan Baydenning muvaffaqiyatsizligidan keyin uning reytingi keskin tushib ketdi. Partiyadoshlari amaldagi prezidentni nomzodini qaytarib olishga ko‘ndirish bilan bandligida, Tramp poyganing yaqqol favoriti bo‘lib ko‘rina boshladi — ayniqsa, suiqasdni boshdan kechirganidan keyin.

Ammo iyul oyi oxiriga kelib demokratlar baribir Baydenni poygadan chiqishga ko‘ndira olishdi — u esa nomzodini qaytarib olishini e’lon qilarkan, vitse-prezident Kamala Harris nomzodini qo‘llashini aytdi. Harris 2019 yilgi praymeriz vaqtida Baydenga raqiblik qilgan, ammo prezidentlik kampaniyasini yaxshi olib bora olmagandi — ammo bu safar butunlay boshqacha harakatlandi. Ilk haftalar uning uchun deyarli ideal kechdi.

Demokratlarning tarafdorlari dastlabki kunda uning shtabi uchun 81 million dollar xayriya qildi — bu tarixda ikki asosiy partiyadan istalgan birining nomzodi uchun 24 soat ichida yig‘ilgan eng ko‘p mablag‘ bo‘ldi. O‘n kun ichida summa 310 million dollarga yetdi, avgust oyi oxiriga kelib Harrisning shtabi yiqqan mablag‘ miqdori 615 million dollarni tashkil etayotgandi. Yanada muhimrog‘i, bu donorlarning aksari umrida ilk bor biror siyosatchiga xayriya qilishi edi.

Demokratlarning tarafdorlaridagi ishtiyoq ijtimoiy so‘rovlarda ham aks etdi: agar iyul oyi boshida demokratlarning faqat 37 foizi o‘z nomzodiga «ishtiyoqmand» ekanini bildirgan bo‘lsa, oy oxiriga kelib  bundaylar — 81 foizga yetdi. Bundan tashqari, hal qiluvchi shtatlarning barchasida ro‘yxatga olingan saylovchilar orasidagi demokratlar ulushi keskin ko‘tarildi.

Harrisning o‘zi mitinglariga juda ko‘p odam yig‘a oldi — masalan, uning Arizonadagi chiqishini kuzatish uchun 15 ming kishi keldi. Demokratlar bu shtatda 2008 yil Barak Obamaning kampaniyasidan buyon bu qadar ko‘p odam yig‘a olmagandi.