Senatning ellik sakkizinchi yalpi majlisida “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun muhokamasida qayd etilishicha, kreativ iqtisodiyotni huquqiy tartibga solish bo‘yicha xorijiy davlatlarda qator ijobiy tajribalar mavjud.
Xususan, Indoneziyada “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan bo‘lib, Turizm va kreativ iqtisodiyot vazirligi tashkil etilgan. Umumiy qiymati 1 mlrd dollar bo‘lgan 15 ta startap loyihalar amalga oshirilib, kreativ iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi 7 foizga yetgan. Rossiyada Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish markazi va 20 ta kreativ iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlaydigan Universal universitet tashkil etilgan va Strategik tashabbuslar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Kreativ industriyani rivojlantirish to‘g‘risida”gi qonun imzolangan. Angliyada esa 2035 yilgacha innovatsiyalar strategiyasi qabul qilingan bo‘lib, hozirda kreativ industriyalarda 2,1 mln nafar kishi faoliyat yuritib, kreativ iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi 5,8 foizni tashkil etmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda kreativ industriya sohasiga oid 9 600 ta korxona mavjud bo‘lib, ularda 84 ming nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 28 ming nafar hunarmand ushbu soha yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda. Bu esa mazkur sohada yagona huquqiy bazani yaratishni, kreativ sohalarni aniq belgilashni hamda ularning YaIMdagi ulushini oshirish va hisoblab borishni talab etadi.
Muhokama qilingan qonun bilan respublikada kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish va ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilgan. Unda kreativ iqtisodiyot sohalari sifatida 15 ta yo‘nalish belgilanmoqda.
Hujjat bilan kreativ iqtisodiyot bo‘yicha davlat siyosatining amalga oshirilish mexanizmi, Vazirlar Mahkamasining, vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining sohaga oid vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tashkil etilishi, ushbu kengash jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan maslahat organi hisoblanishi nazarda tutilmoqda.
Qonun asosida kreativ iqtisodiyot uchun zarur infratuzilma yaratish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, xususan, kreativ industriyalar parki va klasterlari, raqamli platformalar, art-rezidensiyalar, kreativ industriya markazlari, innovatsion uskunalar va texnologiyalar, raqamli dasturlar va platformalar yaratilishi hamda kreativ industriyalar parkining vazifalari belgilanyapti. Shu bilan birga, ichki va tashqi bozorlarda kreativ industriya sohalaridagi loyihalarni yaratish, ishlab chiqarish va ilgari surish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.















