87 yoshli Muhammadali Ahmadjonov 45 yil o‘qituvchilik qildi. 1961-65 yillarda Farg‘ona davlat universitetining ximiya-biologiya fakultetini tamomlagan fidoyi o‘qituvchi ko‘plab shogirdlar chiqargan. “Yoshim bir joyga borib qoldi. Tengqur hamkasblarim deyarli qolmagan. Sog‘lom yuray deb tomorqada ekin-tikin qilib turaman. Maktabda dars bergan damlarni hanuz qo‘msayman. O‘quvchilarimni sog‘inaman, ularni ko‘rgim keladi”, deydi ustoz.
Toshloq tumani Qo‘rg‘oncha mahallasida yashovchi faxriy o‘qituvchi o‘tmish xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

“O‘qishni tamomlagach velosiped sotib oldim va har kuni 30 km yo‘l bosib maktabga qatnab dars berib kelardim”, — deydi Muhammadali Ahmadjonov. Qahramonimiz o‘z davrining jonkuyar ustozlaridan biri bo‘lgan.
O‘qituvchilik faoliyatining dastlabki yillarida Muhammadali ota ishni yetakchilikdan boshlaydi. Keyinchalik biologiya fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritadi. “Hozirda katta lavozimlarda ishlaydigan o‘quvchilarim ko‘chada ko‘rib qolishsa yonimga kelib salom-alik qilishadi, hol-ahvol so‘rashadi. Bundan juda xursand bo‘laman. Kasbimdan faxrlanib ketaman”, — deydi u.


Muhammadali ota keyinchalik boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bilim berish uchun shu yo‘nalishda ham o‘zini sinab ko‘rgan ustozlardan hisoblanadi. Va eski davr ta’lim tizimini eslar ekan dars o‘tish uchun yetarli sharoit bo‘lmasa ham o‘quvchilar bilimga chanqoqligini va qiyin matematik misollarga tezda javob topib qo‘yadigan o‘quvchilari ko‘p ekanligini ta’kidlaydi. Hozirgi ota-onalar farzandining bilim olishiga ko‘proq e’tibor berishi kerakligini ham aytib o‘tadi.

Shuningdek, qahramonimiz 87 yoshga kirgan bo‘lsa ham ancha tetik va bardam. Biologiya faniga qiziqish orqali maktabda va o‘z tomorqalarida turli o‘simliklar, foydali ziravorlar, qalampirmunchoqlarni o‘stirishga qiziqishi borligi ma’lum bo‘ldi. Bobo har kuni ertalab o‘z gulzorlarida mehnat qilib zavqlanishini ham aytib o‘tdi.



















