O‘qituvchilik — sharafli kasb. Ushbu kasbga mehr qo‘yib, uzoq yillardan buyon bitta dargohda sabot bilan ishlab kelayotgan ustozlarimiz ham ko‘p.

Ana shunday keksa o‘qituvchilardan biri — Lyudmila Nikolayevna Shulga Payariq tumanidagi 6-maktabda mehnat faoliyatini boshlaganiga 60 yil to‘ldi. Shu zaminda tug‘ilib o‘sgan Lyudmila Nikolayevna o‘zi o‘qigan maktabda 1964 yilda tarix fani o‘qituvchisi bo‘lib ishga kiradi va 60 yildan buyon bolalarga bilim berib kelmoqda.

Lyudmila Nikolayevna 2 oktyabrda tug‘ilgan. U bugun 78 yoshni to‘ldirdi. «O‘qituvchilik asli mening taqdirimda bo‘lgan», deydi u.

«Ota-onam Payariq tumaniga (o‘sha vaqtlarda Fyodorovka deb atalgan) 1928 yilda ko‘chib kelishgan va shu yerda yashab qolishgan. Oilamizda 5 ta farzand bo‘lgan, barchamiz shu yerda tug‘ilganmiz. Men ham. 1946 yilning 2 oktyabrida. Tug‘ilganimdanoq mening o‘qituvchi bo‘lishim taqdirimda yozilgan deb o‘ylayman.

Men shu 6-maktabni tugatganman, shu yerda o‘qiganman. Maktabni tugatganimdan so‘ng texnikumga o‘qishga kirdim. O‘qiy turib, ishlay boshladim. 18 yoshimda shu maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida ish boshlaganman.

1973 yilda Samarqand davlat universitetining tarix fakultetiga o‘qishga kirdim. Uchinchi kursga o‘tgan paytimda menga shu maktabda tarixdan dars soatlari berishdi. Tarix o‘qituvchisi bo‘ldim», — dedi biz bilan suhbatda Lyudmila Shulga.

U dars berish bilan birga qator yillar shu maktabda direktorlik qilgan. Maktabni obodonlashtirishda, kengaytirishda hissa qo‘shgan.

«1986 yilgacha tarix o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. 1986 yilda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari etib tayinlandim. Uch yildan so‘ng, 1989 yilda men maktabga direktor bo‘ldim va 2012 yilgacha direktor bo‘lib ishladim. So‘ngra pensiyaga chiqdim.

Lekin uyda o‘tira olmadim. Maktabga qaytib, o‘z fanimdan das bera boshladim. Men o‘z fanimni juda yaxshi ko‘raman, bu kasbni o‘zim qalbdan xohlab tanlaganman. Shu sabablimikan, bu menga kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Men bolalarning yuragiga o‘z vatani tarixiga muhabbat tuyg‘usini joylashga, ularni vatanparvar qilib tarbiyalashga harakat qilaman. Chunki mamlakatimiz kelajagi ko‘p jihatdan shunga bog‘liq», — deydi keksa pedagog.

Uning rahbarligi ostida maktab juda ko‘p marta viloyatda, hatto respublikada eng ilg‘or maktablar safida bo‘ladi.