2024 yil sentabr oyida JAMA Surgery ilmiy jurnalida dunyodagi dastlabki 50 ta yuz ko‘chirib o‘tkazish amaliyotiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Unda mualliflar operatsiyadan yillar o‘tgach bemorlar ahvoli qanday o‘zgarganini va nima sababdan hamma ham o‘z transplantatlari va hayotini saqlab qola olmaganini bayon etgan.
Yuz transplantatsiyasi turli sabablar tufayli zarur bo‘lishi mumkin. Biroq ularning barchasi inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yuz to‘qimalari qattiq shikastlanib, ularni boshqa jarrohlik usuli bilan tiklash imkonsiz bo‘lgan holatlardagina yuzni ko‘chirib o‘tkazish taklif etiladi. Bunday amaliyotsiz yuz o‘z vazifasini to‘liq bajara olmaydi: bemor ko‘zlari sog‘lom bo‘lsa-da, ko‘ra olmaydi, burun orqali nafas ololmaydi, ovqatlanish va gapirish imkoniyatidan mosuvo bo‘ladi.
Birinchi yuz ko‘chirib o‘tkazish jarrohligi 2005 yilda amalga oshirilgan, o‘shandan buyon bunday operatsiyalar soni kamida 50 taga yetgan (eng so‘nggi 51-chi holat yaqinda bajarilgani sababli yuqorida tilga olingan ilmiy maqolaga kiritilmagan; bu oxirgi holatda bemorga ko‘z ham ko‘chirib o‘tkazilgan).
Shifokorlar sabablarni uch guruhga ajratadi:
- kuyish — 11 ta holat;
- jarohat — 29 ta holat;
- o‘sma — sakkizta holat.
Kuyishlar
Bemorlardan biri amerikalik ayol sobiq erining hujumi oqibatida kimyoviy kuyish jarohatini olgan. Boshqa bir amerikalik cherkovni bo‘yayotganda elektr toki urishidan qattiq kuygan.
Jarohatlar
Yuzi (aniqrog‘i, uning bir qismi) ko‘chirib o‘tkazilgan birinchi bemorni o‘zining labrador iti tishlab olgan. U dori ichib hushidan ketganida it uni tirnab uyg‘otishga uringan.
Bemorlardan birinining turmush o‘rtog‘i o‘qotar qurol yordamida ayolni o‘ldirmoqchi bo‘lgan.
2006 yilda yuz ko‘chirib o‘tkazilgan xitoylik erkakka ayiq hujum qilgan.
Fransiyalik erkak pirotexnika portlashi oqibatida jarohat olgan.















