So‘nggi paytlarda avariyalar, tezlik bilan bog‘liq videolar, haydovchilarning yo‘l-harakati qoidalariga bepisand ekanini isbotlovchi holatlar ko‘paydi. YTHlar o‘lim bilan yakunlanmoqda, maktab o‘quvchilari mashinalar ostida jon beryapti. Piyodalar ham yo‘llarda yurish madaniyatidan yiroq. Kun.uz mavzu yuzasidan suhbat o‘tkazdi. Suhbatdoshlarga ko‘ra, bu uzoq yillik muammo. Haydovchilarning davlat tasdiqlagan qoidalarga munosabati “huquqiy nigilizm” darajasiga chiqdi. Birgina Otajonovning videosi – huquq-tartibot organlariga “qo‘lingdan nima keladi?” degandek bo‘ldi. 

O‘tgan 15-20 kun ichida yosh bolalar, maktab o‘quvchilari bilan sodir bo‘lgan mudhish avariyalar soni 10 ga yaqin, balki bundan ham ko‘pdir. Mutaxassislar fikricha, mavzu va muammolar juda eski. Lekin natijadan, yo‘llardagi YTHlarni kamaytirishga qaratilgan choralardan darak yo‘q. Masalani yillab muhokama qilish mumkin, sabablarini o‘rganib, tizimli chora ko‘rish muhimroq. Birgina Buxoroning Qorako‘lida yuz bergan fojiada piyodalar ham aybdor. Odamning o‘zini himoya qilishi – psixologik instinkt bo‘ladi. Organizm avtomat o‘zini himoya qilishga urinadi, yosh qizlar sayilgohda emas, katta yo‘lda. Haydovchi ham svetofor va piyodalar o‘tish joyi ekanini inobatga olib, tezlikni nazoratga olishi kerak edi, deydi ekspert Nosirjon Zokirov. 

Advokat, avtobloger Kamoliddin Bahovuddinov fikricha, avariya va o‘limlar odamlarning ko‘zini ochgani yo‘q. Aksincha, qoidabuzarlar qilmishidan zarracha pushaymon emas. Haydovchilar o‘z qilmishi nima bilan yakunlanishini, maksimal oqibatni biladi va qo‘rqmaydi. Ularning yuzida achinish hissi yo‘q. 

“Ular qoidabuzarliklarning muntazam va takroriyligi bizda inobatga olinmasligini ham biladi. Pul bilan hammasi hal bo‘lishiga ishonadi, katta ehtimol,  video chiqarayotganlar 1 oydan so‘ng yana shunday tasvirlar e’lon qiladi. Qo‘lingdan nima keladi, degani bu. Ta’sir choralar juda yumshoq va bo‘sh. Jazolar juda halim, faqat moddiy jarima emas, qamoq, haydovchilikdan mahrum qilish, ozodlikdan cheklash jazolarini ham qo‘llash kerak”, - deydi Bahovuddinov.

2024 yilning 5 oyi davomida 64 nafar maktab o‘quvchisi YTH oqibatida halok bo‘lgan, bu oyiga kamida 13 nafar bolalar qurbon bo‘lyapti degani. Jamiyatimiz esa kimningdir fojiasini kuzatish bilan band. Qonunlarni ochiq-oydin inkor etib, bepisand qarash – huquqiy nigilizm cho‘qqisiga chiqib bo‘ldi. Jazo choralarini kuchaytirish va shu jazolar hamma uchun, hokimiyat vakilidan tortib dehqongacha bir xil ishlashi lozim.

YTH ishtirokchisi faqat haydovchi emas, piyodalar ham. Mumkin bo‘lmagan joydan kesib o‘tish holatlari bilan bog‘liq statistika yuritilganda, piyodalarning qoidabuzarliklari darajasi ham namoyon bo‘ladi. Yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun bunday piyodalarni ro‘yxatga olib, tushuntirish ishlarini olib borish – ortiqcha ish. Balki shuning uchun bunday statistika yuritilmaydi.