Sirdaryo tumanida o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan ayolni pilka yordamida, uning yosh farzandi va keksa onasini esa bo‘g‘ib o‘ldirgan hamda jinoyat izini yo‘q qilish maqsadida marhumlar murdasi yotgan xonalarni yoqib yuborgan shaxsga hukm o‘qildi. Qotillik qurboni bo‘lganlar – ayol 39, o‘g‘li 12 va onasi 73 yoshda bo‘lgan.

Kun.uz tanishgan sud hukmida keltirilishicha, jinoyatni 1989 yilda tug‘ilgan Muxtor Sharafbayev sodir etgan. U 2022 yil yanvar oyidan Sirdaryo viloyat IIB JXX JTSB maxsus qabulxona navbatchilik qismi inspektori lavozimida ishlab kelgan va 2023 yil dekabr oyida o‘z arizasiga asosan lavozimidan ozod qilingan.

Muxtor Sharafbayev oilali bo‘lishiga qaramay, 2017 yil kuz faslida fuqaro E.Kamarova bilan tanishib, u bilan yashab kelgan. 2024 yil 26 aprel kuni soat 23:00 larda E.Kamarovaning yashash uyiga borgan Sharafbayev deraza orqali uning yotoqxonasiga kirgan. Erkak va ayol jinsiy aloqadan so‘ng suhbat davomida tortishib qolgan. Yuzaga kelgan kelishmovchilikdan sobiq inspektor xonada stul ustida turgan o‘tkir tig‘li pilkani (ayollar tirnog‘ini tekislaydigan moslama) olib, E.Kamarovaning bo‘yin, jag‘ va peshona sohalariga bir necha marotaba urgan. Buning oqibatida ayol voqea joyida vafot etgan.

Shovqindan xonaga Kamarovaning voyaga yetmagan farzandi X.Almamedov kirib kelgan. Muxtor Sharafbayev bolani divanga yotqizib, yostiq bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Qotilning navbatdagi qurboni qo‘shni xonada uxlab yotgan keksa yoshdagi N.Qo‘ldosheva, ya’ni E.Kamarovaning onasi bo‘lgan: u ham jinoyatchi tomonidan yostiq yordamida bo‘g‘ib o‘ldirilgan.

Shundan so‘ng jinoyatchi xonadan stol ustida turgan Redmi-12 telefon apparatini yashirin ravishda qo‘lga kiritib, jinoyat izini yashirish maqsadida murdalar yotgan ikki xonani yoqib yuborgan. O‘zi esa uydan chiqib ketgan.

Muxtor Sharafbayev sudda aybiga iqror bo‘lgan.

2017 yil kuz faslida Sirdaryo tumani Malik chorrahasining yonidagi “Qurbon” nomli choyxonada ofitsiant bo‘lib ishlab kelgan E.Kamarova bilan tanishdim. Shundan so‘ng u bilan birga nikohsiz yashab keldim. IIB tizimiga ishga kirganimdan so‘ng E.Kamarova va uning onasi N.Qo‘ldosheva tinimsiz ustimdan ariza yozaverdi. Shu sababli menga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llandi. 2023 yil dekabr oyida o‘z xohishim bilan ariza yozib berib, ishdan ham bo‘shadim.