Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya hujum qilganlardan ikki nafari – bir erkak va bir ayol o‘ldirilganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaralanganlardan uch nafari og‘ir ahvolda.

«Turkiya aerokosmik sanoatiga qarshi terrorchilik hujumi uyushtirildi. Afsuski, bizda qurbonlar va yaralanganlar bor», — deya yozgandi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Vazir avvaliga uch qurbon haqida xabar bergandi, ammo ayni vaqtda Qozondagi BRIKS sammitida ishtirok etayotgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an qurbonlar soni 4 nafarligini ma’lum qildi.

Bu vaqtda Vladimir Putin bilan uchrashuvda bo‘lgan Erdo‘g‘an «jirkanch terakt»ni qoralab, hamdardlik uchun Rossiya prezidentiga minnatdorchilik bildirgan.

«Hamdardlik uchun rahmat. Bizda uch qurbon bor», — degan u.

Turkiya nashrlariga ko‘ra, qo‘riqchilar almashayotgan vaqtda portlash ro‘y bergan; hujumdan keyin korxona xodimlarini panagohlarga jo‘natishga to‘g‘ri kelgan.

Voqea joyiga o‘t o‘chirish va tibbiyot brigadalari, shuningdek, politsiyachilar va maxsus topshiriqli kuchlar yetib kelgan.

Voqea joyidan olingan kadrlarda tutun va kuchli yong‘in aks etgan.

Hodisa joyidan to‘g‘ridan to‘g‘ri kadrlarni namoyish etishni boshlagan mahalliy nashrlar rasmiylar talabiga ko‘ra translatsiyani to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Anqara shahri meri Mansur Yavosh hodisadan chuqur qayg‘uda ekanini aytgan: «Men jafokashlarimizga xudoning marhamati va yaradorlarga tezda sog‘ayib ketishlarini tilayman. Biz terrorizmni qoralaymiz. Ta’ziyamni qabul qiling».

Mahalliy nashrlar Turkish Aerospace hududiga ikki kishi — bir erkak va bir ayol hujum qilgani haqida xabar tarqatgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bino ichkarisi va tashqarisidagi kuzatuv kameralari orqali olingan kadrlar namoyish etilgan, ularda hujum qilganlarning yuzi ko‘rinib qolgan.

Mahalliy nashrlarda zavod xodimlari garovga olingani haqida ham xabar tarqalgandi, ammo bu ma’lumot o‘z isbotini topmadi.

Shuningdek, OAVda maxsus amaliyot yakunlanganidan keyin topilgan qurollar fotosurati tarqaldi: unda avtomatlar, o‘qdonlar, granatalar va boshqa jihozlarni ko‘rish mumkin.