Qariyb ikki dekada davomida Krishtianu Ronaldu yoki Lionel Messi «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarlarning kengaytirilgan ro‘yxatiga kiritilib kelinardi. Bu galgi so‘nggi 30 nomzod orasida ular ko‘rinish bermadi va katta era shu bilan yakuniga yetdi.
Ularning ro‘yxatda emasligi natijasida, bu yilgi eng yaxshi futbolchini aniqlash marosimi oldidan nomzodlar sifatida odatda o‘rganganimizdan ham ko‘proq nomlar jarang sochmoqda. Va ularning har birida futboldagi eng katta individual sovrinni yutish uchun o‘z sabablari bor.
Vinisius Junior
«Real»ning braziliyalik futbolchisi dastlabki mavsumlardagi og‘ir damlarni bardosh bilan bosib o‘tgani evaziga bugungi tarkibning asosiy yetakchisi va yulduzlaridan biriga aylandi. Karim Benzemaning jamoadan ketishi hujum markazini ojizlashtirishi va bu mavsum davomida «qirollik klubi»ga pand berishi ko‘p bora taxmin qilindi. Biroq Vini Anchelotti o‘ylab topgan yechimga muvaffaqiyatli moslashdi va sherigi Rodrigo bilan ajoyib tandemni yuzaga keltirdi. Ta’kidlash kerakki, bu ikki futbolchining muvaffaqiyatli bog‘lami madridliklarning o‘tgan mavsumdagi yutuqlariga asos bo‘lib xizmat qildi.
Vini yakuniga yetgan mavsumda klubi safida 39ta uchrashuvda maydonga tushib, 24ta gol va 11ta assist amalga oshirdi. Mavsum davomida bir necha oylarni jarohat sabab o‘tkazib yuborgan hujumchi yakuniy pallada yuqori formada jamoa ixtiyorida bo‘ldi. Mavsumning hal qiluvchi o‘yinlarida esa Vinisius Juniorni to‘xtatib bo‘lmadi. Ispaniya Superkubogi finalidagi «klasiko»da het-trik qayd etdi. UYeFA Chempionlar Ligasi pley-offining har bir bosqichida jamoasining kamida bitta golida ishtirok etdi. Jumladan, «Bavariya»ga qarshi ilk uchrashuvdagi dubli va finalda urgan goli «qaymoqranglilar»ning 15-titulni qo‘lga kiritishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Xo‘sh, bunday mavsum o‘tkazgan «monstr»ni «Oltin to‘p»ni yutishdan nima to‘xtata oladi? Milliy jamoadagi muvaffaqiyatsiz mavsum. Braziliya milliy jamoasini Neymarsiz Amerika Kubogiga boshlab tushishi va chempionlik uchun kurashda yetakchi sifatida jamoani tortib borishi kutilgan Vinisius, amalda, kutilmalarni oqlab bera olmadi. Mavsum davomidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida kuzatilgan golsiz seriya yetmaganidek, Kopa Amerikada 24 yoshli hujumchi jamoasi muvaffaqiyatsizligidagi bosh aybdorlardan biriga aylandi. Umuman, guruh bosqichida «pentakampeonlar» faqat bitta uchrashuvda g‘alabaga erishdi va o‘sha Paragvayga qarshi uchrashuvda Vini dubl qayd etdi. Qolgan ikki uchrashuvda golda ishtirok etmagani va jamoasi durang o‘ynaganini hazm qilish mumkindir, lekin 3ta o‘yinning 2tasida sariq kartochka olib, chorakfinal bahsida Urugvayga qarshi to‘qnash kelgan jamoasiga yordam bera olmagani uning manziliga braziliyalik muxlislarning noroziligini alangalatib yubordi. Darhaqiqat, ushbu bellashuvda urugvayliklar penaltilar seriyasidagi g‘alaba evaziga yarimfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar.

















