Gurjistondagi bu galgi saylovlar avvalgilaridan farq qiladi. Sababi — davlat rivojlanishda qaysi yo‘lni tanlashi shu siyosiy tadbirning natijalariga bog‘liq edi. Saylovoldi kampaniyasi keskin hamda jamiyatning ikki qutbga bo‘linishi fonida o‘tdi. Ovoz berish davlat tarixida ilk bor to‘liq proporsional shaklda bo‘ldi.

Saylov yakunlariga ko‘ra 5 ta partiya, jumladan, hukmron «Gurjiston orzusi», «Gurjistonni qutqarish uchun birlik», «O‘zgarishlar uchun koalitsiya», «Kuchli Gurjiston» hamda «Gurjiston uchun» partiyalari parlamentda o‘rinlarga ega bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, hukmron partiya birinchi marta 2012 yilgi saylovlarda g‘alaba qozongan. Partiya 4 marta saylovda qatnashyapti va avvalgi hukmron partiyalardan farqli ravishda 4 marta ham g‘alaba qozondi. Bundan avvalgi hukmron partiyalar esa ko‘pi bilan 2 marta ko‘pchilik ovozga ega bo‘la olgan.

«Gurjistonni qutqarish uchun birlik partiyasi» esa sobiq prezident Mixail Saakashvili tuzgan nomdor muxolif partiya «Milliy harakat», «Agmashenebeli strategiyasi» va «Yevropa Gurjistoni» partiyalari, mustaqil siyosatchilardan iborat bo‘ldi.

Gurjiston parlamentida 150 ta o‘rin bor. Shu o‘rinlarning yarmidan ko‘pini qo‘lga kiritgan partiya bosh vazirlik uchun nomzod ko‘rsata oladi. Hukmron «Gruzin orzusi» partiyasining saylovoldi kampaniyasi o‘ta populistik, antiliberal hamda rossiyaparast g‘oyalarga boy, deya baholandi. Bu partiya vakillari elektoratni agarda liberallar hokimiyatga kelsa, Gurjiston urushga tortilishi haqidagi gap-so‘zlari bilan o‘ziga og‘dirishga harakat qildi. Bu bilan orzuchilar «Ukrainaning kuni bizning boshimizga tushadi», demoqchi bo‘ldi. Saylovoldi targ‘ibotda ham bundan jiddiy foydalanishdi, Ukrainaning hozirgi qiyofasi va Gurjiston tasvirlari tushirilgan bannerlar paydo bo‘ldi.

Hukmron partiyaga ko‘ra, muxolif kuchlar jinoiy guruhlar bilan aloqalarga ega. Muxolifat esa yevropacha yo‘l tarafdori. Tbilisida o‘tkazilgan tadbirlarda ular Gurjiston Yevropa Ittifoqini tanlashini bildiruvchi marsh o‘tkazilgan. Ayni shu tadbirlarda Gurjistonning amaldagi prezidenti Salome Zurabishvili qatnashib, nutq so‘zlagan. Prezident ham taraqqiyotning Yevropa yo‘li tarafdori, lekin hokimiyat uning qo‘lida emas.

Saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, hukmron «Gurjiston orzusi» 54 foizdan ziyodroq ovoz bilan g‘alaba qozongani aytilmoqda. Muxolifat bloki esa jami 37,3 foiz ovozga ega chiqqan. O‘z o‘rnida muxolifat saylov natijalarini tan olmasligini va norozilik namoyishlarini boshlashini ma’lum qildi.