Kiyev va Seul KXDRga qarshi turish uchun aloqalarni faollashtirmoqda
Ukraina va Janubiy Koreya prezidentlari Shimoliy Koreyaning Ukrainadagi urushda ishtirokiga javob choralari va strategiyalarini ishlab chiqish uchun mamlakatlar o‘rtasida razvedka ma’lumotlari almashinuvini kuchaytirishga kelishib oldilar.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy janubiy koreyalik hamkasbi Yun Sok Yol bilan Kiyev va Seulning Rossiya tomonida Ukrainadagi urushda Shimoliy Koreya qo‘shinlarining ishtirok etishi kutilayotgani fonida telefon orqali muloqot qildi. «Biz Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga aloqadorligini muhokama qildik, faqat bitta xulosa bor – bu urush xalqaro tus olmoqda va ikki davlat chegarasidan tashqariga chiqmoqda», — deb yozgan Zelenskiy 29 oktyabr, seshanba kuni Telegramʼda.
Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u Janubiy Koreya prezidentiga «3 ming Shimoliy Koreya harbiylarini jangovar zonaga yaqin hududdagi Rossiya poligonlariga o‘tkazish va ularning sonining taxminan 12 mingga ko‘payishi kutilayotgani haqida yangi ma’lumotlarni taqdim etgan».
«Biz razvedka ma’lumotlari va tajriba almashishni kuchaytirish, keskinlashuvga javoban harakatlar strategiyasi va qarshi choralar ro‘yxatini ishlab chiqish, shuningdek, umumiy hamkorlarni jalb qilish uchun barcha darajalarda, jumladan, eng yuqori darajadagi aloqalarni faollashtirishga kelishib oldik», dedi u. Zelenskiy ushbu kelishuvlar doirasida Kiyev va Seul yaqin orada harakatlarni muvofiqlashtirish uchun delegatsiyalar almashishini qo‘shimcha qildi.
Osiyo OAV: KXDRdan qochgan 200 kishi UQKga yordam berishga tayyor
Janubiy Koreyada yashovchi shimoliy koreyalik qochqinlar, agar ular Ukrainadagi frontga o‘tkazilsa, Shimoliy Koreya harbiy xizmatchilariga ta’sir o‘tkazib, Ukraina armiyasiga yordam berishga tayyor. Hongkongning South China Morning Post gazetasi seshanba kuni xabar berishicha, 200 ga yaqin qochqinlar guruhi «sobiq safdoshlariga qarshi psixologik urush kampaniyasini boshlash uchun Ukrainaga bormoqchi».
Gap armiyada 7 yildan 9 yilgacha xizmat qilgan, tajribaga ega sobiq KXDR harbiylari haqida bormoqda. Ular o‘zlarining ichki bilimlaridan shimoliy koreyaliklarning psixologik zaifligidan foydalanish, ularni tartibsizlantirish va Ukrainadagi frontga jo‘natishsa, ruhiyatini buzish uchun ishlatmoqchi.
«Biz u yerga psixologik urush agenti sifatida — ovoz kuchaytirgichlar, varaqalar tarqatuvchi va hatto tarjimon sifatida ishlash uchun borishga tayyormiz», dedi 69 yoshli An Chang Il This Week nashriga. «Biz Shimoliy Koreyaning harbiy madaniyati va psixologik holatini hammadan ko‘ra yaxshiroq tushunadigan urush faxriylarimiz», — dedi u.
Ukraina Qurolli kuchlariga yordam berishga tayyor yana bir faol Li Min Bok Ukrainaning Seuldagi elchixonasiga ochiq xat e’lon qildi va unda Volodimir Zelenskiyga murojaat bilan chiqdi. U Zelenskiyni «Shimoliy Koreya askarlarini qutqarishga yordam berishga imkon yaratishga chaqirdi», deyiladi ma’lumotda.
Mavzuga oid
11:57
AQSh Kiyevga dronga qarshi tizimlar va HIMARS uchun raketalarni yuboradi
17:28 / 27.11.2024
Seuldan Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan reys noqulay ob-havo sabab kechiktirildi
14:40 / 27.11.2024
Berlin Ukrainaga IRIS-T HHM tizimini taqdim etadi
14:06 / 27.11.2024