Bu yil Qorabog‘ Ozarboyjon bag‘riga qaytganiga 4 yil to‘ladi. 8 noyabr Ozarboyjonda Ikkinchi Qorabog‘ urushida qozonilgan g‘alaba sharafiga Zafar kuni sifatida keng bayram qilinadi. Kun.uz muxbiri muhim sana arafasida Ozarboyjonning arman ishg‘olidan ozod etilgan hududlarida bo‘ldi.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon Madaniyat markazi loyihasi bilan o‘zbekistonlik jurnalistlarning Qorabog‘ga mediaturi tashkil qilindi.

Biz qariyb 30 yil davomida arman okkupatsiyasi ostida bo‘lgan yerlarni borib ko‘rdik, u yerlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdik va turkum reportajlar qildik.

Reportajlarimizning dastlabkisi — Kavkaz Xirosimasi nomi bilan tanilgan jafokash Ag‘dam shahridan bo‘ldi.

Ag‘dam: Kavkaz Hirosimasi

Ag‘damga yaqinlashar ekansiz, urush davrida vayron etilgan qishloqlarga ko‘zingiz tushadi va vatandan 30 yillik ayriliq nima ekanini beixtiyor o‘z tanangizda his qila boshlaysiz.

Qorabog‘ tog‘i etaklarida joylashgan Ozarboyjonning katta bir tumani markazi bo‘lgan shahar armanlar tomonidan ishg‘ol qilingan va to‘liq vayron qilingan. To‘qnashuv chizig‘i esa minalashtirilgan.

Ayni paytda Ag‘dam shahri qarichma-qarich minalardan tozalanib, yangi bosh reja asosida butunlay boshqatdan qurilmoqda.

Xurshidbonu Notavon majmuasi

Biz dastlab Qorabog‘ning so‘nggi xoni panoh Ali xonning qizi Xushidbonu Notavon yashagan va dafn etilgan Imorat majmuasiga bordik. Armanlar okkupatsiya davrida shoiraning qabrini oyog‘osti qilishgan, o‘rnatilgan yodgorlikni sindirishgan. Qabrlarni ochib, inson qoldiqlarini olib ketishgan.

Qorabog‘ xonlarining nevarasi va qizi Xurshidbonu Notavon ajoyib g‘azallari bilan tillarga tushgan. U shuningdek rasm solishga ham qiziqqan. Uning asarlari Bokudagi muzeyda saqlanmoqda.

Armanlar bu qadimiy majmuadagi imoratlarni buzib, ichida hayvon boqishgan. Ko‘p yillik daraxtlar kesilgan, va yoqilgan. Qabrlar tekislangan va boylik topish ilinjida kavlangan.

Hozir majmua butunlay qaytadan tiklanib, avvalgi ko‘rinishga keltirilgan. Hudud obodonlashtirilib, avvalgi salobatini qaytadan kasb etgan. Eski saroy tiklanib, uning ichida muzey tashkil qilingan. Muzey eng zamonaviy interaktiv vositalar bilan ta’minlangan. Unda majmuaning tarixi, arman okkupatsiya davridagi vayrongarchiliklar, shuningdek, Xurshidbonu Notavonning ijodi bilan yaqindan tanishish mumkin.