«Manchester Yunayted»da yana yangi davr boshlanmoqda va bu gal ham «qizil iblislar» Yevropa futbolida nom chiqarib ulgurgan katta murabbiylardan birini emas, nisbatan kichikroq imkoniyatlardan katta natija yarata olgan mutaxassisga e’tibor qaratdi. Xo‘sh, aynan qanday karomatlari sabab Ruben Amorim «orzular teatri»ga «rejissyorlik»ka taklif etildi?
Portugal futbolida kurash azaldan uch jamoa o‘rtasida kechgan: «Benfika», «Portu» va «Sporting». Ammo so‘nggi o‘n yilliklarda bahs, asosan, dastlabki ikki klub o‘rtasida bo‘layotgandi. XX asr o‘rtasida «Sporting» portugal futbolini boshqargan. 1941-1958 yillarda lissabonliklar 10 karra chempionlikni qo‘lga kiritib, «Benfika»ning asosiy raqibiga aylanib olgandi. Biroq 80-yillardan keyin bu kurashda «Portu» ancha ildam harakatlanib, poytaxtliklar orasiga suqulib kirdi va «Benfika»ning bosh raqibi sifatida namoyon bo‘la boshladi.
90-yillarda biror marta mamlakat bosh divizioni chempionligini qo‘lga kirita olmagan «Sporting» yil sayin yuqoridagi juftlik bilan farqni kattalashtirib yubordi. 2000-yillar avvalida qisqa muddat klub yana o‘z darajasiga qaytgandek taassurot uyg‘otdi, biroq keyin jamoa tarixidagi eng omadsiz – 19 yillik «qurg‘oqchilik» yuz berdi va bu davrda ularning ashaddiy raqiblari barcha chempionlik kuboklarini bo‘lishib olishdi. Jamoa shu qadar og‘ir ahvolga tushib qolgandiki, muxlislar futbolchilar va klub rasmiylariga hujum qilishdan ham tap tortmay qolgandi. 2018 yilda niqob taqqan o‘nlab jinoyatchilar «Sporting» mashg‘ulot bazasiga bostirib kirib, futbolchilarga hujum uyushtirgan va ularni o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Bu voqea jamoa yulduzlari Rui Patrisiu va Villiam Karvalyu, yosh iqtidor egasi Rafael Leau kabilar klub bilan shartnomani bekor qilishiga sabab bo‘lgan. Mana shu voqeadan 3 yil o‘tib, bugun «Manchester Yunayted» murabbiyligiga kelishi kutilayotgan Ruben Amorim jamoani Portugaliya Primerasi chempioniga aylantirgan.
Uning «Sporting»dagi yutuqlari faqatgina shu chempionlik bilan yakunlanib qolmadi. Portugaliyalik mutaxassis klubni 11 yil deganda Chempionlar Ligasi pley-offiga olib chiqdi. Yevropa Ligasida esa lissabonliklar uning qo‘l ostida chorakfinalda o‘ynashdi. O‘tgan mavsumda «Sporting» yana Portugaliya chempioni bo‘ldi va Amorim jamoasi bu ishni chempionat yakunlanishiga 2 ta tur qolganda hal qildi. Joriy mavsumda ham Portugaliyada jamoani to‘xtatib qoladigan kuch topilmayapti. Lissabon klubi 9 ta turning barchasida zafar quchib, 27 ochko bilan turnir jadvali karvonboshisi bo‘lib turibdi. UEFA Chempionlar Ligasida 3 ta o‘yin o‘tkazgan «sherlar» 7 ochko bilan yetakchilar qatorida bormoqda.

Lekin xavotir ham yo‘q emaski, «Manchester Yunayted»ning bundan oldingi murabbiyi (Erik ten Hag) ham jamoasini («Ayaks») ketma-ket mamlakat chempioniga aylantirgan va sensatsion tarzda Chempionlar Ligasi yarimfinaliga olib chiqqandi. Ruben Amorimning o‘ziga xosligi nimadaki, Ser Jim Retkliff va Den Eshuort boshliq sport bo‘limi aynan mana shu mutaxassis nomzodiga to‘xtaldi. Zero, agar bu murabbiy ham muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, «Old Trafford» Gleyzerlarni emas, aynan Retkliff va INEOS'ni ayblaydi.


















