Bir yildan ko‘proq vaqt oldin Yangi Zelandiya bojxona xodimlari Bangladeshning unchalik mashhur bo‘lmagan Incepta Pharmaceuticals kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Fitaro va Orsema in’yeksion dori vositalarini to‘xtatib qoldi.
Chegarada olib qo‘yilgan 14 ta inʼeksiya ruchkasi tarkibida qondagi shakar miqdori va ishtahani nazorat qilishga yordam beruvchi semaglutid mavjud bo‘lib, u Novo Nordisk kompaniyasi dorilari tarkibining asosini tashkil qiladi. Yangi Zelandiyaning Medsafe dori vositalarini tartibga soluvchi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, gap Ozempic va Wegovy preparatlari haqida ketmoqda.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Incepta dori vositalari Osiyo ta’minot zanjirining bir qismi bo‘lib, kompaniya Ozempic preparatining nusxasini ishlab chiqaradi va dunyo bo‘ylab eksport qiladi. Bu birinchi navbatda ushbu doriga global talabning o‘sishi bilan bog‘liq.
Ozempic 2-tur diabetni davolash uchun ishlab chiqilgan, ammo uning faol moddasi semaglutid vazn yo‘qotishda samarali. Novo Nordisk kompaniyasi Wegovy preparati bilan bozorning ushbu segmentini mo‘ljalga olgan. Bunday vazn yo‘qotish vositalari bozori 2030-yillarda 150 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Reuters tekshiruviga ko‘ra, Incepta tomonidan Osiyoda ishlab chiqarilgan kamida 106 mingta paket semaglutid preparatlari 12 ta chet el bozoriga, shu jumladan O‘zbekistonga ham jo‘natilgan (Orsema nomi bilan).

Qayd qilinishicha, Bangladesh nazorat organlari Fitaro va Orsema preparatlarini eksport qilishga ruxsat bergan, ammo faqat qabul qiluvchi mamlakatlarning roziligi bilan. Yangi Zelandiyada foydalanish uchun ruxsat etilmagan inʼeksiya ruchkalari 2023 yil avgustidan 2024 yil mayigacha Medsafe kompaniyasiga topshirilgan va yo‘q qilingan.
Medsafe kompaniyasi Yangi Zelandiyaga kirib kelgan Fitaro va Orsema preparatlari shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangani, ammo bu dorilar sog‘liq uchun xavf tug‘dirishi haqida izoh berolmasligini ma’lum qilgan.
Reuters o‘rgangan ma’lumotlar Avstraliya, Braziliya, Yangi Zelandiya va Qo‘shma Shtatlardagi farmatsevtika regulyatorlaridan, Keniya, O‘zbekiston, Venesuela, Honkong va Birlashgan Arab Amirliklarining bojxona ma’lumotlaridan, shuningdek, Buyuk Britaniya, Shveytsariya va Irlandiyadan musodara qilingan dori-darmonlar haqidagi yozuvlardan olingani ta’kidlanmoqda.















