«Buni barchamiz bilamiz — va men qandaydir harbiy sirni ochayotganim yo‘q, — bizning front quladi», — degan 27 oktyabr kungi intervyuda ukrain generali, urush boshida Mikolayiv mudofaasiga rahbarlik qilgan Dmitro Marchenko.

U «frontning qulashi» sabablaridan biri sifatida Ukraina qurolli kuchlarida o‘q-dori va shaxsiy tarkib yetishmayotgani, «boshqaruvdagi muvozanat buzilishi» — xususan, harbiy bo‘linmalar komandirlari tez-tez almashtirilishi hamda tayyor bo‘lmagan qismlarni yangi yo‘nalishlarga olib o‘tkazishni (masalan, oktyabr boshida Vuhledar atrofida shunday bo‘lgandi) keltirgan.

«Front qulayotgani» haqidagi tezisni darhol rossiyalik propagandachilar va Z-kanallar, shuningdek, ukrainalik ayrim siyosatchilar va harbiy muxbirlar ham ilib olishdi.

Donetsk oblastidagi to‘qnashuv chizig‘ida aslida nimalar bo‘lmoqda? BBC Ukraina xizmati muxbiri Oleg Chernish shu mavzuni tahlil qildi.

Hal qiluvchi shturmga tayyorgarlik

29 oktyabr kuni Rossiya mudofaa vazirligi Pokrovskdan 15 km masofadagi Selidove shahri egallangani haqida rasman xabar berdi.

Ukrain kuchlari mazkur aholi yashash manzilini uzoq vaqt davomida o‘zida ushlab turgandi, ammo oktyabr oyining ikkinchi yarmidan Rossiya qo‘shini uni qanotlardan aylanib o‘tib, ta’minot yo‘llarini to‘sib qo‘ya boshladi, keyin esa shahar chekkalaridagi aholi yashash kvartallarini shturm qilishga kirishildi. Ukraina mudofaa kuchlari esa to‘liq qurshovga tushib qolmaslik uchun, kutilganidek chekindi va ko‘p o‘tmay shahar raqib tomonidan egallandi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Selidove atrofidagi vaziyatni sharhlamadi, ammo 30 oktyabr kuni Ukraina qo‘mondonligiga aloqador hisoblangan DeepState tahlil markazi shahar to‘lig‘icha raqib tomonidan okkupatsiya qilinganini tasdiqladi.

Selidovening qulashi Rossiya bo‘linmalariga Pokrovsk mudofaasining janubiy qanotiga hujum qilish uchun yo‘l ochdi, shuningdek, Kuraxovoning shimoliy chekkalari tomon harakatlanishda davom etishga imkon beradi.

BBC’ning ukrain qo‘mondonligidagi yuqori martabali manbasi Donbassning logistik va sanoat markazlari bo‘lgan aynan shu ikki shahar katta ehtimol bilan Rossiya hujumlarining yaqin vaqtlar uchun asosiy nishonlariga aylanishini aytgan.