Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda qayd qilinishicha, hozir respublikadagi 2,5 million gektar yerni sug‘orishga 1 ming 600 dan ziyod nasos stansiya yiliga 6,8 milliard kilovatt elektr sarflayapti. Xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini o‘rnatib, 20 foiz elektrni tejash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga Jizzax va Namangan bosh nasos stansiyalarini shaffof va jozibador shartda xalqaro tenderga chiqarish topshirildi.

Fermer xo‘jaliklarida 1 ming 700 ta nasos yiliga 1 milliard kilovatt elektr sarflaydi. Ularga elektr xarajati uchun bu yilgi budjetda 170 milliard so‘m subsidiya reja qilingan edi. Kelgusi yil bunga yana 250 milliard so‘m ajratilmoqda.

Masalan, xorazmlik 92 nafar dehqon zamonaviy nasos o‘rnatib, elektrni 20 foiz tejayapti. Quyosh paneli o‘rnatish hisobiga ehtiyojidan ortgan elektrni davlatga sotib, oyiga qo‘shimcha 7-8 million so‘m daromad olayapti.

Xorazm tajribasini kengaytirish maqsadida elektr xarajati uchun subsidiyani nasoslarni yangilash va quyosh panellari o‘rnatishga bog‘lash kerakligi qayd etildi.

Ushbu tajriba asosida har yili 1000 tadan fermerni yangi tizimga o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Respublika bo‘yicha 2 million gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani natijasida o‘tgan yilning o‘zida 2 milliard kub metr suv tejaldi. 50 dan ortiq mahalliy korxona bunday texnologiyalarni o‘zimizda chiqarayapti.

Shunday bo‘lsa-da, tomchilab sug‘orish joriy qilindi, deb hisobot berilgan barcha dalalarda ham bu tizim ishlamayapti. Qoraqalpog‘istonda esa lazerli tekislashga 10 milliard so‘m subsidiya berilgan bo‘lsa-da, bu mablag‘ ishlatilmasdan qolgan.

Mas’ul idoralarga lazerli tekislash, suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi va ishlatilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Qoraqalpog‘istonda mavjud lazerli tekislangan yerning har gektariga 1 million so‘mdan subsidiya berish tizimi endi Xorazmda ham joriy etiladi.

Umuman, kelgusi yilda suv tejovchi texnologiyalar uchun 700 milliard so‘m subsidiya, 2,5 trillion so‘m kredit ajratilishi belgilandi.