Ammo bu suhbat birinchi navbatda u amaldagi prezident Jo Baydenning o‘rnida qaysi ishni boshqacha qilgan bo‘lishi haqidagi savolga bergan javobi bilan yodda qoldi. «Xayolimga hech narsa kelmayapti», — degandi o‘shanda Harris.

U bu ibora bilan beixtiyoriy ravishda o‘z saylovoldi kampaniyasida hech qanday yangi taklif narsa qila olmasligini aytgandek bo‘ldi, respublikachilar esa darhol bu so‘zlardan demokratlarga qarshi reklama sifatida foydalanishdi.

Vitse-prezident sifatida Harris o‘z mashhurligini yo‘qotayotgan rahbaridan uzoqlasholmadi va saylovchilarni xavotirli iqtisodiy vaziyat fonida o‘zgarishlar taklif qilishi mumkinligiga ishontira olmadi.

Chorshanba kuni kechqurun u prezidentlik poygasidagi mag‘lubiyatini tan oldi va o‘z tarafdorlarini «umidsizlikka tushmaslik»ka chaqirdi. Ammo uning shtabida bo‘lgan muxbirlarning aytishicha, uning saylov natijalari hech bo‘lmaganda nisbatan teng bo‘lishini kutgan xodimlari orasida umidsizlik va hafsalasizlik hukm surmoqda.

Hozirda Harris va uning jamoasi qayerda xatoga yo‘l qo‘ygani va nimani boshqacha qilishi mumkin bo‘lganini tahlil qilishlari kerak.

«Mag‘lubiyat haddan tashqari og‘riqli. Bu og‘ir, — deya yozdi chorshanba kuni Kamala Harrisning saylovoldi shtabi rahbari Jyen O'Melli Dillon xodimlarga yo‘llangan elektron maktubida. — Bunga ko‘nikish uchun ko‘p vaqt talab etiladi».

Nima xato bo‘ldi va Kamala Harrisning mag‘lubiyatining asosiy sabablari nimada? BBC shu savolga javob izladi.

Baydenning yuki

Bayden muvaffaqiyatsiz debatlardan keyin poygadan chiqqach, Harris praymerizda ishtirok etmagan holda Demokratik partiyaning prezidentlikka nomzodiga aylandi.

U o‘zining 100 kunlik kampaniyasini amerikaliklar uchun «yetakchilarning yangi avlodi», ayollarga — abort huquqi, ishchilar sinfiga — narxlar o‘sishining oldini olish hamda arzon turar joylarni va’da qilgan holda boshladi.

Ishchilar sinfini demokratlar safiga qaytarish uning saylovoldi kampaniyasining asosiy maqsadlaridan biri edi.

Saylov kunigacha bo‘lgan uch oy davomida Harris va uning jamoasi kampaniyaga muvaffaqiyat uchun zamin yaratishda zarur bo‘lgan yangi impuls bera oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda respublikachilar to‘g‘risida son-sanoqsiz memlar paydo bo‘ldi, vitse-prezident nomzodini Teylor Svift va Beyonse kabi yulduzlar qo‘lladi, partiya rekord miqdorda xayriya mablag‘lari yig‘di.