Ozarboyjonning Qorabog‘ hududiga qilgan ijodiy safarimizda Ag‘dam tumanidan keyingi manzillar ishg‘ol ostida bo‘lgan Fuzuliy va Zangilon tumanlari bo‘ldi.

Bu yerlarda ham hududlar minalardan tozalanib, keng va ravon yangi yo‘llar solingan. Zangilongacha yangi temiryo‘l o‘tkazilgan. Eron bilan chegaradosh bo‘lgan bu tumanlarni Araz daryosi bo‘lib turadi. Manzara juda chiroyli: Araz daryosidagi Xudofarin suv ombori ham o‘zgacha manzara kasb etmoqda.

Jafokash Fuzuliy

Biz dastlab Fuzuliy tumaniga bordik. Bu tumanning katta qismi 1992 yildan buyon armani ishg‘oli ostida bo‘lgan. Jumladan, tuman markazi bo‘lgan Fuzuliy shahri ham ulkan talafot ko‘rgan. Urushgacha 20 ming kishi istiqomat qilgan Fuzuliy shahri esa bosqin yillarida arvoh-shaharga aylangan.

2020 yilning 17 oktyabrida Ikkinchi Qorabog‘ urushida Ozarboyjon shahar va tuman ustidan nazoratni qaytarib olgan.

Urush davrida vaqtinchalik tuman markazi bo‘lgan Horadiz shahridan Qorabog‘ tog‘lari etagidagi bu jafokash shaharga kirib boraverar ekansiz, vayron bo‘lgan binolarga ko‘zingiz tushadi.

Katta-katta dalalar, bog‘lar, uzumzorlar 28 yil davomida qarovsiz qolib ketib, qamishzorlarga aylangan.

Shaharda birorta sog‘ uy qolmagan. Vaziyat shu qadar bo‘lganki, Ozarboyjon bayrog‘ini ko‘tarish uchun shaharda birorta tomi bor uy topa olishmagan.

Ozarboyjonning ANAMA agentligi hududlarni minalardan tozalash borasida humanitar operatsiya o‘tkazayotgani haqida hikoya qilgan edik. Fuzuliy tumanidagi to‘qnashuv chizig‘i ham zich minalashtirilgan hududlardan biri hisoblanadi.

ANAMA ma’lumotlariga ko‘ra, zafar qozonilgan 2020 yilning 10 noyabridan 2024 yilning 30 sentabrigacha minalashtirilgan hududlarda 226 marta mina portlashi hodisasi ro‘y bergan. 381 kishi zarar ko‘rgan. Ularning 311 nafari yarador bo‘lgan, 70 kishi halok bo‘lgan. Shu sabab ishg‘oldan ozod bo‘lgan hududlarda yo‘l chetida minadan ogohlantiruvchi belgilar hamon turibdi.

Fuzuliy shahrida amalga oshirilayotgan yirik obodonchilik ishlari shu kunlarda tingani yo‘q. Qariyb 30 yil davomida qarovsiz qolib ketgan xalqaro aeroport butunlay yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan. Zamonaviy turarjoy binolari barpo etilgan.