«Raqibning 20-motoo‘qchilar diviziyasi ilg‘or bo‘linmalari Kuraxovo janubidagi Dalneye qishlog‘iga bostirib kirdi. Katta ehtimol bilan, Kuraxovo mudofaasi yakuniy bosqichga kirmoqda», — deya yozgan ukrainalik harbiy tahlilchi Konstantin Mashovets.
Uning baholashicha, eng xavfli holatga ukrainlarning Kuraxovodan janubdagi hududni himoya qilayotgan bo‘linmalari tushib qolgan. «Agar Yelizavetovka va Yekaterinovkada himoyalanayotgan bo‘linmalarimiz yaqin vaqtlar ichida kamida Uspenovkaga chekinmasa, qurshovda qolishadi», — deb hisoblaydi ekspert.
Ammo Ukraina qurolli kuchlarining muammolari shu bilan tugamaydi. Rossiya qo‘shini Kuraxovodan 15 km g‘arbda, N15 Zaporijjya — Donetsk trassasi bo‘yida joylashgan Konstantinopol qishlog‘iga ham janubdan va shimoli-sharqdan faollik bilan hujum qilmoqda. Ikki yo‘nalishdagi zarbalar tutashuvi ukrain qo‘shiniga ancha chuqur qurshovda qolish xavfini tug‘diradi.
Shu bilan birga, hududning tabiiy sharoiti mudofaa uchun qulay emas — ukrain qismlari Volchya daryosi vodiysida qisilib qolgan, rossiyaliklarning o‘t ochish pozitsiyalari esa asosan tepaliklarda joylashgan.
Birinchi marta emas
2024 yil fevralida Avdiyivka boy berilib, shundan keyin rus qo‘shinlari Donbassda frontning keng uchastkasi bo‘ylab ilgarilashi davomida ukrain qismlari bir necha marta qurshov xavfi ostida qolishdi.
Bir necha holatda qanotlari Rossiya armiyasi tomonidan yemirib kelingan bo‘linmalarning taqdiri qil ustida qoldi. Avdiyivkada ham, Nevelskiy bo‘rtig‘ida ham, Vuhledarda ham va boshqa joylarda ham shunday bo‘ldi.
Har safar Rossiyaning hujum qilayotgan qismlari operativ-taktik yutuqni rivojlantirish uchun yirik mexanizatsiyalashgan zaxiralarga ega bo‘lmagani Ukraina qurolli kuchlariga qo‘l keldi. Soddaroq qilib aytganda, qurshov xavfi yuzaga keltirildi, ammo uni amalga oshirishning imkoni bo‘lmadi.
Kuraxovo bo‘rtig‘i bilan bog‘liq vaziyatda ukrain kuchlarining holatini bir necha omillar og‘irlashtiradi — yaxshi yo‘llar yo‘q (birgina yo‘l ham o‘qqa tutilmoqda), manyovrlar qilish erkinligi cheklangan, eng yoqimsizi — Rossiya ancha keng front bo‘ylab va ko‘p sonli yo‘nalishlarda yurish qilmoqda, ularning istalgan biridagi muvaffaqiyatlar jamlanmasi mudofaalanayotgan kuchlarni asosiy kuchlardan uzib qo‘yishi mumkin.

















