O‘zbekiston | 09:30
1110
2 daqiqa o‘qiladi

Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uyni boshqaruvchi tashkilotlar faoliyati o‘rganilganda shartnomalarda qonundan tashqari asossiz shartlar belgilanganligi aniqlandi.

Raqobat qo‘mitasi qayd etishicha, qo‘mitaga va uning hududiy tuzilmalariga fuqarolardan boshqaruv servis kompaniyalari (BSK) va ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan norozilik bildirilgan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Xususan, 2024 yilning yanvar-oktyabr oylarida qo‘mitaga uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, qurilish va transport sohasida iste’molchilardan jami 8434 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, bulardan 380 tasi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasiga to‘g‘ri keladi.

Murojaatlar o‘rganilganda boshqaruv organlari tomonidan mulkdorlarning umumiy yig‘ilishlarni o‘tkazilmasligi, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar ochiq taqdim etilmasligi va hisobotlar bilan tanishish uchun onlayn imkoniyatlarning mavjud emasligi shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun asossiz qarzdorliklar hisoblanayotgani ma’lum bo‘lgan.

O‘rganishlar jarayonida shartnomalarda belgilangan qonunchilik normalariga mos kelmaydigan yoki iste’molchining huquqini cheklab qo‘yuvchi bir nechta shartlarni kiritgan qator BSKlar aniqlangan.

“Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonun 28-moddasining 11-xatboshiga ko‘ra, agar boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi shartnoma shartlarini bajarmasa, ko‘p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlari umumiy yig‘ilish qaroriga asosan ko‘p kvartirali uyni boshqarish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama tartibda voz kechishga va boshqa boshqaruvchi tashkilotni yoki boshqaruvchini tanlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi asosiy huquqlaridan biri bo‘lib, lekin shartnomaning tomonlarning majburiyatlari va huquqlari to‘g‘risidagi bo‘limida mulkdorning hech qanday huquqi aks ettirilmagan.

Yuqoridagi muammolar yechimi bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga tegishli takliflar bilan ma’lumot yuborildi.

Mavzuga oid