Toshkent shahridagi 139 Documentary Center’da “NeUyat” ekspozitsiyalari namoyishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda 10 dan ortiq ijodkorlarning video, rasm va installyatsiyalari namoyish qilinyapti. Ular orasida intallyatsiyalar alohida o‘rin egallaydi. Ko‘rgazma Nemolchi.uz loyihasi tomonidan tashkil qilingan va u 14 dekabrgacha davom etadi.

Masalan, Anna Ivanova “Femitsidga bag‘ishlangan matoli installyatsiya” asarida matodan tikilgan 179 qo‘g‘irchoq aks etgan. BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu O‘zbekistonda 2021 yilda o‘ldirilgan 179 nafar xotin-qizlarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq jinoyatlarga atab tayyorlangan.

Xuddi shunday installyatsiyalardan yana biri Mastura Hamroning qizil chiziqli ijodiy ishi. Ijodkor unda O‘zbekistonda 2015 yildan 2021 yilgacha yuz bergan femitsidlar statistikasini ko‘rsatishga urg‘u bergan.

Yana bir muhim installyatsiya Nigina Gaydukning “Zo‘ravonlik zo‘ravonlikni keltirib chiqaradi” asari. Unda zo‘ravonlikka uchragan ayol o‘z hayotida ham buni takrorlashi mumkinligini eslatmoqchi bo‘lgan.


Ekspozitsiyada Katerina Slapoguzovaning intallyatsiyasi ham namoyish etilyapti. Burchakda qizning xonasi va uning xotiralarini eslatuvchi detallar joylashtirilgan.

Shuningdek, ko‘rgazmada Sofiya Seytxalilning “Ba’zan men to‘kilaman” deb nomlangan videoroligini ham tomosha qilishingiz mumkin. Rolik zo‘ravonlikka uchragan 10 qizning hikoyalari asosida tayyorlangan.























