27 noyabr kuni Suriyadagi qurolli guruhlar Halab viloyatining g‘arbiy qismida prezident Bashar Asad rejimi kuchlariga qarshi keng ko‘lamli hujum boshladi.

Halab 2011 yilda Suriyadagi fuqarolik urushi boshlanganidayoq hukumat qo‘shinlari va qurolli muxolifat kuchlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik markaziga aylangandi. Keyinroq mojaroga boshqa tomonlar ham qo‘shiladi: Rossiya va Eron Suriya hukumat kuchlarini, Turkiya esa — Asadga muxolifatda bo‘lgan va mamlakat shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatini nazoratiga olgan guruhlarni qo‘llab-quvvatlaydi. 2020 yilda Rossiya va Turkiya ishtirokida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzilgandi.

Shu kunlardagi to‘qnashuv mintaqada so‘nggi to‘rt yillikdagi eng yirik qurolli mojaro bo‘lmoqda. Yurish boshlangani haqida isyonchi guruhlardan biri, shuningdek mahalliy aholi vakillari xabar berishgan. Hujumga Suriyaning shimoli-g‘arbida katta hududni nazorat qilayotgan va «Al-Qoida»ning Suriyadagi sobiq bo‘limi jangchilari tomonidan boshqariladigan «Hayyat Tahrir ash-Shom» guruhi boshchilik qilmoqda.

Isyonchilar o‘z harakatlarini Suriya prezidenti Bashar Asad kuchlari tomonidan yo‘llangan artilleriya zarbalariga javob deb atagan. CNN tomonidan keltirilgan bayonotda ular 13 ta aholi yashash manzillarini, jumladan strategik ahamiyatga ega Urm-as-Sugra va Anjara shaharlarini, 46-bazani (rejimning g‘arbiy Halabdagi eng yirik bazasi) egallab olgani, shuningdek, hukumat kuchlariga tegishli bo‘lgan qurollar hamda transport vositalarini qo‘lga kiritganliklarini ma’lum qilishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda guvohlar tomonidan tasvirga olingan roliklar tarqalgan, ularda Halabning g‘arbiy qismida ko‘kka ko‘tarilgan tutun ustunlarini ko‘rish mumkin. Yana bir videoda isyonchilar qo‘shini jangchisi Asadning portretini yirtib tashlayotgani aks etgan — bu video Anjarada olingan. Suriyadagi davlat nashrlari esa to‘qnashuvlar haqida xabar bermayapti.