Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning Telegram’dagi rasmiy kanaliga 27 noyabr kuni viloyatdagi bir guruh maktab o‘quvchilari 3 kunlik harbiy xizmatga jo‘natilayotgani aks etgan video yuklandi.

Qayd etilishicha, hududdagi 20 ga yaqin umumta’lim maktablaridan yuzlab bitiruvchi sinf o‘quvchilari 3 kunlik harbiy xizmatga borib qaytishga ulgurgan.

“…viloyatimiz hokimi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu tashabbusni Andijon yoshlari katta hursandchilik ila qarshiladi”, – deyiladi xabarda.

Viloyat hokimligi matbuot kotibi Muslimbek Ibrohimovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 100 ta maktabda uchrashuv o‘tkazilib, hokim Shuhrat Abdurahmonovning ushbu tashabbusi taklif etilgan. Vaziyati, dars soatlari mos kelgan maktablar bunga rozi bo‘lgan.

Shunga nima deysizlar desa, endi o‘zbek yigitlari, qizlari yaxshi tushunsa kerak, “bajonidil ketdik, iloji bo‘lsa hozirning o‘zida” [deydi]. Masalan, meni olib ketsa, ishimni tashlab hozir ketardim, yana qayta qabul qilsa. [Armiya] boshqacha olam, insonning ko‘ngli bilan bog‘liq. Shunday qilib xursandchilik bilan qabul qilishyapti.

Asosan bitiruvchi sinflar jalb qilinadi, chunki ularning chaqiruvga tayyorlash, mehnat darslari bor. Aytaylik, bir oy davomida shu darslar 20 yoki 50 soatni tashkil qilsa, shu “raspisaniye”larga moslashtirgan holda borib kelsa, bo‘ladi. Albatta, bu bir tomonning aytgani bilan bo‘lib qolmaydi, bunda chegara qo‘shinlari, Mudofaa, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari va undan keyin Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasining ishtiroki bor. Shunga qarab, shular bilan hamjihatlik, hamkorlikda ko‘rib chiqib tashkil qilinadi.

Bundan keyin yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha 3 kunlik armiyaga olib boringlar degan topshiriq yo‘q, lekin olib borib, ko‘rsatib, yaqindan tanishtirish, xalq va armiya yakdilligini ta’minlash degan bandlar bor”,– deydi u.

Ibrohimovga ko‘ra, ayni amaliyotning natijasi ijobiy bo‘lgan, bundan barcha – o‘qituvchi, ota-ona, yoshlar xursand.