Kipr hukumati investitsiya dasturi doirasida 77 nafar chet ellikka berilgan “oltin pasport”larni bekor qildi. Bu haqda Politis nashri xabar berdi.

Ro‘yxatda rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilova ham bor.

U bilan birga, quyidagilarga berilgan Kipr fuqaroligi ham bekor qilingan: FSB sobiq tergovchisi Sergey Kovbasyuk, “Sheremetevo” direktorlar kengashining sobiq raisi Aleksandr Ponomarenko, “Alfa-Grupp” asoschisi Aleksey Kuzmichyov, “Rusal” asoschisi Oleg Deripaska, Chelyabinsk viloyati sobiq gubernatori Mixail Yurevich, “Merkuriy” shirkatlar guruhi egasi Igor Kesayev, “Safmar” guruhining asosiy aksiyadori Mixail Gutseriyev, Probiznesbank sobiq egasi Aleksandr Jyeleznyak va boshqalar.

Ro‘yxatga rossiyalik tadbirkorlardan tashqari bir nechta ukrainalik ham kiritilgan. Firibgarlik va pul yuvish bo‘yicha Kiyev hibsxonasida saqlanayotgan milliarder Igor Kolomoyskiy, shuningdek, “UkrLandFarming” egasi Oleg Baxmatyuk shular jumlasidan.

Pasportidan mahrum bo‘lgan chet elliklar Kipr hukumatining qarori ustidan shikoyat qilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Gulbahor Ismoilova O‘zbekistonda tug‘ilgan, ayni paytda Rossiya fuqarosi hisoblanadi. 2022 yil 2 mart kuni Germaniya hukumati Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli Alisher Usmonovning “Dilbar” nomli yaxtasini xatlovga olgani haqida xabar berilgandi. O‘sha vaqtda qiymati 600 million dollarlik bu yaxtaning yagona egasi sifatida Gulbahor Ismoilova ko‘rsatilgandi. Uning YeI va Buyuk Britaniyadagi aktivlari muzlatilib, ushbu mamlakatlarga kirishi taqiqlangan edi. Shundan so‘ng Ismoilova AQSh va Yaponiya sanksiyalariga ham uchradi.

Gulbahor Ismoilova uzoq vaqt Toshkentda joylashgan Fedorovich nomidagi klinika ta’sischilaridan biri bo‘lib kelgan