Jahon | 18:41 / 01.12.2024
4424
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Gurjiston bilan strategik hamkorlikni to‘xtatdi

Gurjiston Yevropa integratsiyasi bo‘yicha muzokaralardan bosh tortganidan so‘ng, AQSh ham strategik hamkorlikdan voz kechdi.

Foto: GIORGI ARJEVANIDZE / AFP

AQSh hukumati hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasining Yevropa integratsiyasi bo‘yicha muzokaralardan bosh tortishi fonida Gurjiston bilan strategik hamkorlikni to‘xtatmoqda, deb ma’lum qildi Davlat departamenti.

«Gurjiston orzusi» partiyasining Gurjistonni YeI integratsiyasi jarayonini to‘xtatish haqidagi qarori gurji xalqining Yevropa Ittifoqi va NATO integratsiyasiga intilishi haqidagi konstitutsiyaviy va’dasiga zid. Gurjistonning YeI a’zoligini to‘xtatib, «Gurjiston orzusi» Yevropa bilan yaqinroq aloqalar o‘rnatish imkoniyatini rad etdi va Gurjistonni Kreml oldida yanada zaifroq qilib qo‘ydi. «Gurjiston orzusi» partiyasining turli antidemokratik harakatlari umumiy qadriyatlarga va demokratiya, qonun ustuvorligi, fuqarolik jamiyati, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga asoslangan AQSh-Gurjiston strategik hamkorligining asosiy tamoyillarini buzdi. Natijada Qo‘shma Shtatlar bu mexanizmni to‘xtatdi», deyiladi bayonotda.

Davlat departamenti, shuningdek, politsiyaning o‘z rasmiylari harakatlariga norozilik bildirgan Gurjiston fuqarolariga nisbatan «ortiqcha kuch ishlatganini» qoraladi. «Biz barcha tomonlarni namoyishlarning tinch xarakterini ta’minlashga chaqiramiz», deyiladi bayonotda.

Gurjistonda bosh vazir Irakliy Kobaxidze 28 noyabr kuni mamlakat Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni 2028 yil oxirigacha to‘xtashini e’lon qildi. Shundan so‘ng, bu qarorga qarshi namoyishlar boshlanib ketdi.

Namoyishchilarni Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili qo‘llab-quvvatladi. 30 noyabr kuni u mamlakatdagi «yagona mustaqil, qonuniy institut» bo‘lib qolishini va muddati tugashiga qaramay, o‘z lavozimini tark etmasligini ma’lum qildi. Gurjiston Tashqi ishlar vazirligining yuzdan ortiq xodimi ham Yevropa integratsiyasi rad etilishiga qarshi chiqdi va bir qancha elchilar iste’foga chiqdi.

Gurjiston Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze namoyishlarni «mamlakat konstitutsiyaviy tuzumiga hujum» deb atadi va ularni uyushtirganlikda yevropalik siyosatchilar va «beshinchi kolonna»ni aybladi.

Mavzuga oid