Haftasiga kamida besh marta oz miqdorda qora shokolad iste’mol qilish 2-tur qandli diabet rivojlanish xavfini 21 foizga kamaytirishi mumkin. Yangi tadqiqotga ko‘ra, qora shokolad iste’molini noldan besh porsiyagacha oshirgan sari uning foydali ta’siri ham ortib boradi, deb yozmoqda CNN.
Ammo butun shokolad plitkasini yeyishga shoshilmaslik kerak. Tadqiqotda bir porsiya atigi 1 unsiyani (28 gramm) tashkil etgan, shokolad esa qora bo‘lishi lozim. Sutli shokolad iste’moli vaqt o‘tishi bilan ortiqcha vazn yig‘ilishiga sabab bo‘ladi, bu esa 2-tur qandli diabet rivojlanishining asosiy omilidir.
“Qora va sutli shokoladda taxminan bir xil miqdorda shakar, yog‘ va kaloriyalar mavjud, ammo asosiy farq shundaki, qora shokoladda kakao ko‘proq”, — deydi tadqiqot yetakchi muallifi, Chan nomidagi Harvard jamoat salomatligi maktabi doktoranti Binkay Lyu.
Kakao tarkibida eng yuqori miqdordagi flavanollar bor, shuning uchun qora shokolad plitkalari yorlig‘ida ko‘rsatilgan kakao foizi qanchalik yuqori bo‘lsa, unda shunchalik ko‘p flavonol bo‘ladi. Flavanollar antioksidant sifatida ta’sir ko‘rsatib, yallig‘lanishni kamaytiradi. Yallig‘lanish yurak kasalliklari va qandli diabet kabi surunkali kasalliklarni keltirib chiqarishi yoki ularning kechishini og‘irlashtirishi mumkin.
“Hayvonlar ustida o‘tkazilgan tadqiqotlar va odamlar ishtirokidagi kichik eksperimental izlanishlarda flavanollar insulinga sezuvchanlikni yaxshilagan hamda diabet patofiziologiyasining tarkibiy qismlari bo‘lgan oksidlanish stressi va yallig‘lanishni kamaytirgan”, — dedi Baltimordagi Jons Hopkins tibbiyot markazida diabetning oldini olish va soha bo‘yicha ta’lim dasturi hamraisi doktor Nestoras Matiudakis.
“Shuning uchun qora shokoladdagi flavonoidlarning yuqori miqdori (sutli shokoladga qaraganda) ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — dedi yangi tadqiqotda ishtirok etmagan Matiudakis.
Diabet muammosi ortib bormoqda
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan har 10 nafar amerikalikdan biri qandli diabet bilan og‘riydi va ularning 95 foiziga 2-tur qandli diabet tashxisi qo‘yilgan. Dunyo miqyosida vaziyat yanada jiddiylashmoqda: 2023 yil iyulda o‘tkazilgan tadqiqotda 2050 yilga kelib qandli diabet bilan kasallanganlar soni kamida 1,31 milliard kishigacha ko‘payishi mumkinligi aytilgan. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 529 million kishini tashkil etgan.















