Putin Suriyadagi fuqarolar urushi davomida Bashar Asadni qo‘llab-quvvatladi va 2015 yil sentabridan boshlab bu yerda Rossiyaning yirik harbiy kontingenti joylashtirildi. Taxminlarga ko‘ra, 2024 yil boshiga kelib, bu kontingent soni 7,5 ming kishiga yaqinlashgan. Asad rejimi qulagach, kontingent taqdiri katta savol ostida qoldi.

Rossiya aviatsiyasi rejimning so‘nggi kuniga qadar Asad qo‘shinlarini qo‘llash uchun jangovar parvozlar amalga oshirdi. ​ Foto: AFP

BBC rus xizmati Rossiya o‘z harbiylarini Suriyadan xavfsiz olib chiqa olishi yoki yo‘qligi xususida tahliliy maqola e’lon qildi.

Suriyadagi Rossiyaning ikki eng yirik harbiy obekti — Tartusdagi harbiy-dengiz bazasi va Lataqiyadan taxminan 20 km janubi-sharqda joylashgan Hmeymim harbiy-havo bazasidir. Rossiya tomoni ta’kidlashicha, Tartusdagi obekt to‘liq qiymatli baza emas, balki kemalarga texnik xizmat ko‘rsatish punkti hisoblanadi.

Ushbu ikki yirik obektdan tashqari, ularning atrofida turli yordamchi pozitsiyalar va blokpostlar joylashtirilgan bo‘lishi mumkin.

2017 yilda Moskva va Damashq Tartus va Hmeymim bazalaridan 49 yil davomida — 2066 yilgacha foydalanish bo‘yicha kelishuv imzolagandi. Biroq hozirgi vaziyatda ular Rossiya ixtiyorida qoladimi-yo‘qmi, bu haqda aniq gapirish qiyin.

Rossiya rahbariyati ushbu bazalardan foydalanishni davom ettirish bo‘yicha aniq rejalar qurmayotganini bildirmoqda. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov dushanba kuni Moskva ularning taqdirini Damashqdagi yangi hukumat bilan muhokama qilishini aytdi.

Rossiya aviatsiyasi Bashar Asad rejimining tanyachi edi, endi uning mamlakatda qolishi savol ostida. Foto: AFP

Bundan sal avvalroq Rossiya Turkiyadan Suriyadagi harbiy kuchlarini xavfsiz evakuatsiya qilishda yordam so‘radi, deb xabar berdi CNN Turk. Biroq gap yirik bazalar emas, balki mamlakatning turli hududlarida joylashgan alohida pozitsiyalardagi harbiylar haqida ketmoqda.

Bir necha hafta muqaddam Rossiya qo‘shinlari Suriyaning turli nuqtalarida joylashgandi. Bu obektlar o‘rtasidagi masofa yuzlab kilometrni tashkil qilgan. Hozirda Rossiyaning ayrim bo‘linmalari asosiy kuchlardan uzilgan holda qolgan bo‘lishi mumkin.