Qirg‘iziston prezidenti bosh vazirning iste’foga chiqishi sababini aytdi
Sadir Japarov so‘zlariga ko‘ra, Oqilbek Japarov Davlat soliq xizmati rahbariyatiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi doirasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida iste’foga chiqarilgan.
18 dekabr kuni Qirg‘iziston parlamenti Jogorku Kenesh yig‘ilishida mamlakat prezidenti Sadir Japarov Vazirlar Mahkamasining sobiq rahbari Oqilbek Japarovni lavozimidan chetlatish haqidagi qarorini tushuntirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Davlat soliq xizmati rahbariyatiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi doirasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida qilingan.
«Biz soliq tizimidagi salbiy ko‘rinishlardan juda xafamiz. Aksiz markalari bilan bog‘liq firibgarliklar ma’lum bo‘ldi. Bu soha Oqilbek Usenbekovich nazoratida edi, shunga ko‘ra, noqonuniy harakatlarga chek qo‘yilishi mumkin edi. Manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish maqsadida Davlat soliq xizmati rahbariyatiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tufayli men uni lavozimidan chetlatishga majbur bo‘ldim», deb prezident so‘zlarini keltirdi 24.kg.
Oqilbek Japarov bu lavozimda uch yil ishlaganidan so‘ng 16 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi raisi lavozimini tark etgan edi. Avvalroq, 3 dekabr kuni Bishkekda Davlat soliq xizmati boshqarmalarining to‘rt nafar rahbari va 30 ga yaqin oddiy xodim korrupsiyada gumonlanib hibsga olindi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari Qamchibek Tashiyev so‘zlariga ko‘ra, mansabdor shaxslar mamlakat budjetiga 3,2 milliard qirg‘iz so‘mi (36,8 million dollar) miqdorida zarar yetkazgan korrupsion sxemani tuzgan.
18 dekabr kuni prezident Japarov bosh vazir lavozimiga Odilbek Qosimaliyevni tayinlash haqidagi farmonni imzoladi.
Mavzuga oid
16:33
Qirg‘izistonda yangi bosh vazir tayinlandi
17:16 / 17.12.2024
Qirg‘iziston bosh vaziri korrupsiya tufayli iste’foga chiqarilgan bo‘lishi mumkin
10:05 / 16.12.2024
Oqilbek Japarov Qirg‘iziston bosh vaziri lavozimidan bo‘shatildi
16:45 / 13.12.2024