SpaceX va Tesla asoschisi, tadbirkor va milliarder, dunyoning eng ta’siri kuchli shaxslaridan biri Ilon Mask kelajakka oid fikrlari, taxminlari bilan ham mashhur. Uning hamma aytganlari ham ro‘yobga chiqavermaydi, aksincha, ko‘pchiligi fantastik tuyuladi. Avtonom transport vositalari, robototexnika, kosmos va sun’iy idrok — Ilon Maskni eng ko‘p qiziqtiradigan sohalardir. Hi-Tech Mail nashri tadbirkorning 2025 yilga mo‘ljallangan optimistik prognozlarini o‘rganib chiqdi.
Tesla sotuvi 30 foizga oshadi
Tesla aksiyadorlarining yig‘ilishida kompaniya bosh direktori Ilon Mask 2025 yil uchun juda optimistik bashorat aytdi. Uning ta’kidlashicha, elektromobillar sotuvining hajmi 20-30 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Bunday sezilarli o‘sish arzonroq va ommabop modellarni ishlab chiqarish, shuningdek, Model 3 va Model Y turkumlariga jiddiy chegirmalar taqdim etish hisobiga yuz beradi. Tesla Cybertruck elektr yuk mashinasining arzonroq versiyalarini yaratish va’dasini bajarsa, ushbu model ham yanada arzonlashishi mumkin.
Agar hammasi rejadagidek ketsa, 2025 yilda yangi haydovchisiz Cybercab taksilarini ishlab chiqarish to‘liq yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa yiliga qo‘shimcha 2 million, 2026 yilga kelib hatto 4 million elektromobilni tashkil etadi. Tesla kompaniyasining yaqin kelajakdagi ulkan rejalari ana shulardan iborat.
Sun’iy idrok odamlardan aqlliroq bo‘ladi
Sun’iy idrok sayyoramizdagi eng aqlli insonlarni ortda qoldirish darajasiga tobora yaqinlashmoqda. Kelasi yil oxirigacha istalgan odamdan aqlliroq mashinalar paydo bo‘ladi, 2029 yilga kelib esa butun insoniyatning bilimi jamlanganda ham sun’iy idrokka yetolmay qoladi, degan fikrda Mask.

Odamga xos aqliy qobiliyatlarga taqlid qiluvchi sun’iy idrokni ishlab chiqish sur’atlari jadallashmoqda. Buning oqibatlari butun insoniyat uchun muhim. Kompyuterlar har qanday ma’lumotni qayta ishlashda insonlardan ko‘ra tezroq, samaraliroq va arzonroq ishlashga qodir bo‘ladi. Masalan, sun’iy idrok yangi texnologiyalarni samaraliroq ixtiro qiladi, bolalarni yaxshiroq o‘qitadi, bemorlarga aniqroq tashxis qo‘yadi, inson xatolari ehtimoli esa minimal darajaga tushadi.








