Rossiya tashqi ishlar vazirligidagilar Rossiyaning «Ursa Mayor» kemasi O‘rta Yer dengizida mashina bo‘limidagi portlashdan keyin cho‘kib ketgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. 2017 yildan 2022 yilga qadar Suriyadagi rossiyalik harbiylarga yuk yetkazib bergan ushbu kema Ispaniyaning Agilas va Jazoirning Oran shaharlari oralig‘idagi xalqaro suvlarda halokatga uchragan.
Avvalroq Ispaniyaning La Verdad nashri ham o‘z manbalariga tayanib, kemada portlash ro‘y bergani haqida xabar tarqatgandi.
Rossiyaning RIA Novosti davlat agentligi xabar qilishicha, «Ursa Mayor» kemasi egasi hodisani «maqsadli terrorchilik hujumi» deb baholaydi.
Cho‘kkan yuk kemasi tegishli bo‘lgan «Oboronlogistika» kompaniyasi vakili agentlik bilan suhbatda ekipaj a’zolari portlash ovozlarini eshitishgani haqida aytib bergan.
«Kema ekipaji a’zolari ko‘rsatmasiga ko‘ra, (Moskva vaqti bilan) 2024 yil 23 dekabr kuni soat 13:50 da bortning orqa qismidagi o‘ng tomonda ketma-ket uch marta portlash ro‘y bergan», — deya kompaniya matbuot xizmati vakilining so‘zlarini keltiradi RIA Novosti.
Agentlik suhbatdoshlari bu hujum ortida kim turgan bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan.
Rossiya TIV ma’lumotiga ko‘ra, ekipajning 14 a’zosi qutqarib olingan va Ispaniyaning Kartaxena portiga yetkazilgan, ammo ikki dengizchi bedarak yo‘qolgan.
«Oboronlogistika» kompaniyasiga tegishli kema Sankt-Peterburgdan 11 dekabr kuni chiqqandi va rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra «port infratuzilmasini yaxshilash» maqsadidagi yuklar bilan Vladivostokka suzayotgandi, deb qayd etadi «Mediazona». Kema egasi o‘z floti flagmani bo‘lgan «Ursa Mayor» Vladivostokka har biri 380 tonna og‘irlikdagi ikkita port krani, ikkita kran maxsus moslamasi, kemalarda qo‘llanadigan va vazni 45 tonna bo‘lgan ikkita lyuk qopqoqlari, qopqoqlar uchun uskunalar bilan jihozlangan 20 futlik konteyner va 129 ta bo‘sh konteyner bilan suzgan.
Ispaniyadagi Salvamento Marítimo dengizda qutqaruv agentligi 14 kishi qutqaruv shlyupkasida topilgani va xavfsiz tarzda Ispaniyaga olib ketilganini ma’lum qilgan, keyin esa kema halokatga uchragan hududga qutqaruv amaliyotiga rahbarlikni qabul qilish uchun Rossiya harbiy kemasi yetib kelgan.


















