Donald Tramp vositachiligida (u 20 yanvarda AQSh prezidenti lavozimiga rasman kirishadi) muzokaralar jarayoniga kirishishdlan oldin Kreml Donbassdagi nazorat hududini kengaytirishga urinmoqda. RF qurolli kuchlari ushbu region janubi va markazida birdaniga uchta yirik amaliyotni yakunlash bosqichida — ular Velika Novosilka va Kuraxovoni qurshab olish arafasida. Shu bilan bir vaqtda, Rossiya qo‘shinlari keyingi jang uchun qulayroq boshlang‘ich sharoitlarni tayyorlamoqda: kelgusida Pokrovskni ham qurshab olish uchun uni janub va g‘arbdan aylanib o‘tmoqda. Kursk oblastida, shimoliy koreyalik harbiylar jangga tashlanganiga qaramay, RF qurolli kuchlari hali Ukraina qurolli kuchlarining mazkur hududdagi platsdarmini bartaraf etishga yaqinlashmayapti, Kiyev mazkur hududdan muzokaralarda «savdo aktivi» sifatida foydalanishni rejalashtirgan.

Velika Novosilka

Rossiya armiyaci Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasidagi Velika Novosilka rayon markazi atrofidagi halqani qismoqda. Amaliyot g‘oyasi ukrain qo‘shinini mazkur rayon markazida, Mokriye Yali daryosining sharqiy sohilida (shaharning asosiy qismi aynan daryoning sharqiy sohilida joylashgan) qamab qo‘yishni nazarda tutadi. Buning uchun shimolga, Pokrovsk tomon ketuvchi yo‘lni to‘sib qo‘yish talab etiladi. Bundan tashqari, posyolka qurshab olinishi va shturm qilinishi RF qurolli kuchlari daryoning g‘arbiy sohilidagi tepaliklarga chiqishi hamda janubdan Mokriye Yali bo‘ylab hujum qilishini osonlashtirishi kerak.

Muammolarga duch kelgan bo‘lsa-da, Rossiya qo‘shini bu vazifalarni hal qilishni uddaladi. Dekabr oyi boshida RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlari uchun o‘ta muhim bo‘lgan, shimolga olib boruvchi yo‘lni Noviy Komar qishlog‘i yaqinida to‘sib qo‘yishdi, ammo ukrain qo‘mondonligi bu yerga zaxira kuchlarini yubordi hamda qishloq va yo‘l ustidan nazoratni qaytarib oldi. Ammo bir necha kun oldin Rossiya bo‘linmalari navbatdagi yurishni amalga oshirib, yana yo‘lni to‘sib qo‘yishdi.

Shu bilan bir vaqtda, RF qurolli kuchlari Mokriye Yali janubidagi vodiyga ham hujum qilmoqda. Natijada, Makarovka va Storojyevoye qishloqlarini mudofaa qilayotgan ukrain bo‘linmalari qurshovga tushib qolgan. Qurshovdagilarning katta qismi shimolga chekinishga muvaffaq bo‘lgan.

Rossiya qo‘shini ularni ta’qib qilib, Neskuchnoye va Vremevkaga yaqinlashib kelishgan, bu qishloqlar butun daryo vodiysi va Velika Novosilkadan teparoqda joylashgan. Endi rayon markazi amalda qurshov holatida: shimolga olib boruvchi yo‘l kesib qo‘yilgan, Rossiya aviatsiyasi muntazam ravishda Mokriye Yalidagi o‘tish yo‘llarini bombalamoqda va Ukraina garnizoniga ta’minot yetkazib berilishiga to‘sqinlik qilmoqda.