2024 yil yakunlanmoqda. Ortda qolayotgan yil dunyo siyosatida voqealarga boy bo‘ldi. Videoda yil davomida dunyoda sodir bo‘lgan ba’zi muhim voqealarni yodga olamiz.

Ikki urush ham tugagani yo‘q

Video avvalida eslatib o‘tishimiz kerak. Insoniyat sillasini quritgan, faqat mening aytganim bo‘ladi deydigan ikki zo‘ravon davlat qo‘shnisiga qarshi urushlarni davom ettirmoqda.

Amerikaga orqa qiladigan Isroil o‘ziga qarshi urush ochganlar bilan urishish o‘rniga Falastinda tinch aholi vakillarini o‘ldirishda davom etmoqda. 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan urush butun mintaqaga yoyildi va yer yuzidagi odamlar eng zich yashaydigan G‘azo bo‘lgasida norasida bolalar, himoyasiz ayollar va nochor qariyalar o‘lishda davom etmoqda. Vaholanki, ularning Isroilga qilingan hujumga hech qanday aloqasi yo‘q. Isroil HAMASning barcha liderlarini o‘ldirdi, hozirgi rahbariyat esa katta ehtimol Qatardagi lyuks mehmonxonalarda diplomatlik bilan shug‘ullanmoqda. Qizig‘i, Isroil shuncha hujumlariga qaramay, HAMASning tarmoqdagi kanallari videolar e’lon qilishda, G‘azoda Isroilga qarshi diversion hujumlar uyushtirishda davom etmoqda.

Oxirgi bir necha oyda Oreshnik degan ovunchoq topib olgan Putin esa eng yaqin qo‘shnisi, o‘zi bir necha marta ruslardan hech qanday farq qilmasligini aytgan ukrainlarga bosqinni davom ettirmoqda. Rossiya Ukraina shaharlari, qishloqlarini yer bilan bitta qilishda davom etib, buni Donbassni ozod qilish operatsiyasi deb atashda davom etmoqda. «Ozod qilingan» vayronalarda hech kim «russkiy mir» kelganini bayram qilmayotgani, ukrainlar o‘z vatanini tish-tirnog‘i bilan himoya qilayotgani ham Putinni «ukrainlarni ozod qilish» fikridan qaytara olmayapti.

Navalniy o‘ldi

16 fevral kuni dunyodagi diktatorlardan xoli, sog‘lom jamiyat tarafdorlari uchun mash’um xabar tarqaldi. Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy halok bo‘ldi. Uch yildan buyon Sibirdagi qamoqxonada saqlanayotgan Vladimir Putinning eng asosiy tanqidchisining o‘limi Rossiyadagi amaldagi hukumatga muxolif kayfiyatdagi insonlarni shok holatiga tushirdi. Chunki Navalniy ularga qamoqxonada turib, tashqi dunyodan uzilgan nochor holatida ham umid berayotgandi.

Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, Aleksey Navalniy jamoasi uni asirlar almashinuvi doirasida ozod qilish bo‘yicha Yevropa davlatlari vositachiligida kelishuvga erishgan ekan. Putin Taker Karlson bilan intervyuda Germaniyadagi qamoqxonada saqlanayotgan FSB killeri Vadim Krasikovni asirlar almashinuviga jalb qilinsa, kelishuvga rozi ekanini ochiq aytgandi. Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, o‘sha kelishuvdagi asosiy odam Aleksey Navalniy bo‘lgan. Ammo bu kunlarga yetib borolmagan Aleksey sovuq Sibirda halok bo‘ldi. Uning jasadini uzoq vaqt onasiga berishni istashmadi. Lekin Sibirdagi qamoqxona va morgdan uzoqqa ketmagan Lyudmila Navalnaya bahorning ilk kunida o‘g‘lini ona shahri Moskvaga dafn etishga muvaffaq bo‘ldi.