Instagram'ning o‘zbek segmentida hayotiy muammolarni ortiqcha bo‘rttirish va mubolag‘alarsiz ko‘rsatib bera oladigan blogerlar barmoq bilan sanarli. 2023 yilda o‘zining qisqa metrajli filmlari bilan bu makonga kirib kelgan “Chumoli” jamoasi ana shulardan biri. Ularning videolari o‘rtacha 2 milliondan 11 milliongacha tomosha qilingan. 150 ga yaqin videolari orqali 700 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lgan. Xo‘sh, qisqa vaqt ichida bu jamoa qanday qilib muvaffaqiyatli loyihaga aylana oldi? Ular bu haqda Kun.uz'ga gapirib berdi.

“Chumoli” jamoasi mualliflari Bahodir Rahimov hamda Jasur Rustamov Kun.uz bilan intervyuda loyihaning tashkil topishi, kontentlarning tasvirga olinish jarayoni, ijod erkinligi, auditoriya madaniyati, mualliflik huquqi kabi mavzularga to‘xtalishdi.

“Robotlashayotgan”imni sezib ishdan bo‘shaganman

Bahodir Rahimov: Ijoddagi hamkasbim Jasur bilan o‘n ikki yillik do‘stmiz. Ikkalamiz ham Respublika musiqa va san’at kollejida aktyorlik va rejissyorlik bo‘yicha tahsil olganmiz. Kollejni tamomlagandan so‘ng Jasur O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qishni davom ettirdi. Men esa tezpishar taom tayyorlovchi markazda faoliyatimni boshlab, oddiy ishchidan menejer darajasigacha ko‘tarildim.

Hammasi risoladagidek ketayotgan edi: yaxshi rahbarlar qo‘l ostida qoniqarli maosh bilan faoliyat yuritayotgandim, ammo qalbimdagi ijodga talpinish hissi magnitdek tortib turardi. Xodim sifatida ishlab yurgan vaqtlarimda o‘zimni robotdek tasavvur qilardim, bir topshiriq tugasa, nafas olishga ham ulgurmay ikkinchisini bajarishga shay holatda turish kerak. Fikrlash, hayotimni tahlil qilishga deyarli vaqt bo‘lmasdi. Daromad yaxshi kelsa-da, ich-ichimdan qoniqishni his etmasdim. Bir kun o‘zim bilan o‘zim yaxshilab gaplashib oldim, nimani xohlayotganim, qaysi kasbda maza qilib ishlay olishimni o‘yladim va ishimni to‘xtatib ijod yo‘liga kirishga qat’iy qaror qildim.

Jasur Rustamov: O‘qishni tugatib, kino, klip, telekanallarda turli kontentlar olinishida postanovkachi operator bo‘lib ishladim. O‘zim mustaqil kino olish, unda ham rejissyor, ham operator bo‘lishni xohlardim. Orada qo‘shimcha ijodiy ishlar ham qilib turardik. Yaxshi rollar bo‘lsa, Bahodirni taklif qilardim, epizodlarda o‘ynardi. Bir safar Bahodir bilan film tasvirga olish vaqtida Instagram uchun kontent yaratish g‘oyasi paydo bo‘lgan. Bu platformaga qisqa metrajli filmlar ishlab, joylash borish taklifini berganman. Boshida Bahodir ham, atrofimizdagi boshqa do‘stlarimiz ham “