Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Ona tili» gazetasiga bergan intervyusida mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan munosabatlari haqida gapirdi. Intervyu davomida u 2021 yilda Nazarboyevning «siyosiy andishasizligi» hatto xorijlik diplomatlarni ham hayron qoldirganini ta’kidlab o‘tdi.
To‘qayev Nazarboyev boshqaruviga baho berar ekan, har qanday tarixiy davrning «yorqin va qorong‘i tomonlari» borligini, lekin ijobiy tomonlari uning fikricha, «har holda ancha ko‘p bo‘lganini» ta’kidladi.
«Bunday yutuqlarni rad etish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Biz adolatli davlat qurar ekanmiz, tarix va uni yaratganlarga ham shu kabi munosabatda bo‘lishimiz kerak. Bu millatimiz kelajagi uchun kerak. Siyosiy kon’yunktura foydasiga tarixni qaytadan bichish mumkin emas va ayniqsa, tarixni toza qog‘ozga qaytadan yozish xavfli», — deydi Qozog‘iston yetakchisi.
To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, Nazarboyevning ko‘p yillik boshqaruvi davrida «kamchiliklar» bo‘lgan, ammo «ishlamagan odamgina xato qilmaydi».
«Iste’foga chiqqanidan so‘ng Xavfsizlik kengashi raisi sifatida qolib, ochig‘ini aytganda, u siyosiy andishasi bilan ajralib turmadi, bosh vazir, Milliy bank raisi, vazirlar, hokimlar ishtirokida muntazam ravishda yig‘ilishlar o‘tkazdi. Bunga hatto xorijlik rahbar va diplomatlar ham hayrat bilan qaradi, jamoatchiligimiz haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Hatto «iste’fodan keyin Nazarboyevning lavozimi oshib, prezidentni ham o‘ziga bo‘ysundirdi», degan hazil paydo bo‘ldi. Ammo aslida hazillashadigan vaziyat emasdi», — deydi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.
Ta’kidlanishicha, bunday vaziyat ikki hokimiyatchilik haqida mish-mishlar to‘lqinini keltirib chiqargan. «Mansabdorlar sinfi goh u, goh bu kabinetga kirib, topshiriqlarni chalkashtirib, sarosimaga tushib qoldi. Qator amaldorlar hatto «Elboshi instituti prezident hokimiyatidan yuqori turishi kerak», deya bu g‘ayritabiiy vaziyatni yuridik jihatdan asoslashga harakat qildi», — deydi To‘qayev.
Qozog‘iston prezidentining qayd etishicha, Nazarboyevning 2021 yil noyabr oyida o‘tkazilgan Astana Club yig‘ilishida 92 yoshli Maxatxir Muhammadga havola bergan holda Oq o‘rdaga qaytish imkoniyati haqidagi bayonoti va sobiq prezidentning o‘sha yilning dekabr oyida Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan MDH sammitidagi ishtiroki hokimiyat inqiroziga olib kelgan muhim burilish bo‘lgan.
«Ammo hozir sog‘lom fikr yuritib, Nursulton Nazarboyevning Qozog‘iston oldidagi tarixiy xizmatlarini munosib baholash kerak. Prezident sifatida davlat manfaatlari va xalqimiz birligini o‘ylashga majburman», — deydi To‘qayev.







