Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev – hali tiriklik vaqtidayoq sharafiga haykal qo‘yilib, tiriklik vaqtidayoq haykali yiqitilgan unikal siyosatchi. Lekin bu hali hammasi emas ekan. Qozoqlar uch yil avvalgi namoyishlarda “chol ket”, deb baqirib, mamlakat siyosiy hayotidan chiqishini talab qilgan elboshining boshida yana boshqa sinovlar ham bor ekan.

Masalan, tunov kuni Qozog‘istonning «Ona tili» gazetasiga intervyu bergan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev sobiq prezident Nazarboyevni ochiqchasiga tanqid qildi. Aftidan, To‘qayev prezident bo‘lgach, o‘ziga bo‘lgan ishonchi ancha oshgan. Axir 6 yil avval xuddi shu To‘qayev Nazarboyevga paxta qo‘yib, poytaxt Ostona nomini Nursulton deb o‘zgartirgandi. Endi esa qozoqlarning «Xalq so‘zi»ga o‘xshagan gazetasiga intervyu berib, Nazarboyevni siyosiy andishasizlikda aybladi. Videoda o‘sha intervyuning ba’zi joylariga to‘xtalamiz.

«Siyosiy andishasi bilan ajralib turmagan»

Qozog‘istonda prezident almashgan vaqtni eslasangiz kerak. 2019 yilda Nazarboyev kutilmaganda prezidentlikdan ketishini e’lon qiladi. Bir mamlakatni 28 yildan buyon boshqarayotgan odamning ketishini kutilmaganda deyish aslida juda g‘alati. Mayli, bu haqida alohida gaplasharmiz. Xullas, o‘shanda senat raisi bo‘lgan To‘qayev avtomatik tarzda prezident vazifasini bajaruvchi lavozimiga kirishadi. Keyinroq o‘tkazilgan saylovda tabiiyki g‘alaba qozonadi, chunki unda prezident sifatida kampaniya o‘tkazish uchun yaxshigina media ustunlik bor edi. Axir prezidentlik poygasi futbol kabi teng sharoitdagi o‘yin emas, unda autsayderlar burchak zarbasidan kutilmaganda gol urib, favoritlarni yutib ketolmaydi.

Xullas, To‘qayev endi prezidentlikka kirishgan o‘sha damlarda Nursulton Nazarboyev Xavfsizlik kengashi raisi bo‘lib qolgandi. Bu esa Nazarboyev hamon amalda Qozog‘istonni boshqaryapti degan xulosaga kelishga undardi. Mamlakatda bo‘layotgan ishlar ham shunga ishora qilardi. Mana endi, 5 yil o‘tib ma’lum bo‘lyaptiki, Nazarboyevning o‘shandagi qiliqlari To‘qayevning nafsoniyatiga tekkan ekan. To‘qayev bu borada gapirganda sobiq prezidentni ochiq tanqid qildi.

«Tarixni toza qog‘ozga qaytadan yozish yaramaydi. Tarixga ham, uni yaratganlarga ham haqqoniy munosabatda bo‘lish kerak. Bu millat kelajagi uchun muhim. Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqqanidan keyin Xavfsizlik kengashi raisi sifatida qolib ochig‘ini aytganda, siyosiy andishasi bilan ajralib turmadi. Bosh vazir, Milliy bank raisi, vazirlar, hokimlar ishtirokida muntazam yig‘ilishlar o‘tkazdi. Hatto xorijlik diplomatlar buni hayrat bilan kuzatishdi. Odamlar orasida iste’fodan keyin Nazarboyevning lavozimi oshib, prezidentni ham o‘ziga bo‘ysundirdi, degan hazil paydo bo‘ldi. O‘shandagi vaziyat esa hazillashadigan darajada emasdi», deb eslaydi To‘qayev.