O‘yin oxirida «qizil iblislar» g‘alabani ilib ketishi ham mumkin edi
«Liverpul» — «Manchester Yunayted» 2:2
Gollar: Gakpo (59), Saloh (70, penalti) — Martines (52), Diallo (80).
«Liverpul» – Alisson, Roberson, van Deyk, Konate, Aleksander-Arnold (Bredli, 86), Mak Allister, Gravenberh, Gakpo (Elliot, 86), Jons (Jota, 61), Saloh, Dias (Nunes, 60).
«Manchester Yunayted» – Onana, Martines, Maguayr, de Ligt (Yoro, 83), Fernandesh, Diallo, Dalot, Maynu (Garnacho, 72), Ugarte, Mazraviy, Hoylund (Zirkze, 86).
Ogohlantirishlar: Dalot (23), Diallo (54), de Ligt (64), Maguayr (73), Nunes (77), Aleksander-Arnold (83).
Bir necha kun davomida noqulay ob-havo tufayli bu uchrashuv boshqa kunga qoldirilishi mumkinligi haqida xabarlar chiqib turdi. Ammo maydon qordan tozalandi va o‘yin o‘tkazildi.
«Liverpul» va «MYu» bu uchrashuvda amalda optimal tarkiblarida yetib keldi. Mezbonlar safida nihoyat himoya markaziga Konate qaytdi, Soboslai kasalligi tufayli o‘yinni o‘tkazib yubordi, ammo 23 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya o‘tkazayotgan jamoa uchun bu jiddiy muammo emasdi. Arne Slot uning o‘rniga Jonsni tushirdi. «MYu»da esa sardor Fernandesh diskvalifikatsiyadan qaytdi.
Jamoalarning oxirgi o‘zaro uchrashuvlariga qaralsa, mersisaydliklar mutlaq favorit sanalardi. Ayniqsa «Enfild»dagi o‘yinda. Qolaversa, manchesterliklar Ruben Amorim boshchiligidagi 11 o‘yindan 11 tasida gol o‘tkazib yuborgan, shundan yettitasida — ikki va undan ortiq. Hujum chizig‘i esa himoyachilarning xatolarini haspo‘shlay olmayapti - portugaliyalik mutaxassis Reshfordni tarkibdan chiqargan, Fernandeshda muvaffaqiyatsiz davr, Hoylund ham ishonchni oqlay olmayapti. Antoni, Garnacho va Zirkze haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Jamoa tarkibida yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan birgina Amad Diallo barcha uchun o‘ynay olmaydi. Umuman olganda, o‘yin boshlanguniga qadar ko‘pchilik «MYu» «Enfild»da yirik hisobda yengilishini taxmin qilayotgandi.
Va o‘yin aynan kutilganidek boshlandi. Dalot yana o‘zi uchun noodatiy bo‘lgan chap qanotda tushdi va imkon qadar Salohni to‘xtatishga urindi. Bir safar portugaliyalik himoyachi raqib hujumchisini ikki qo‘li bilan ushlab qoldi va birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq sariq kartochka oldi.
Gakpo va Mak Allister jiddiy qarshilikka uchramasdan, yaqin masofalardan darvozani o‘qqa tutdi. Birinchi holatda to‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi, boshqasida Onana qutqardi. Ikkita ajoyib vaziyat ikki daqiqa ichida (14 va 16) ro‘y berdi, ammo keyin «MYu» o‘yinini kuchaytira boshladi va o‘yin tenglashdi. Bo‘lim davomida Dialloda yaxshi vaziyat yuzaga keldi, tanaffus arafasida Hoylund hisobni ochishi mumkin edi, ammo uning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi Alisonga bordi.


















