Isroil vazirlar mahkamasi Hamas bilan sulh bitimini tasdiqlash uchun ovoz berish jarayoniga yig‘ila olmadi, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ofisi bunga falastinliklar oxirgi pallada qator kelishuvlardan bosh tortganini sabab qilib keltirdi. Hamas esa buni rad etmoqda. Isroilning roziligisiz kelishuv kuchga kirmaydi.

Isroilning xavfsizlik bo‘yicha vazirlar mahkamasi 16 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da G‘azo sektorida mahbuslarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Hamas bilan kelishuvni tasdiqlash uchun yig‘ilishni rejalashtirgan edi.

«Mossad» direktori David Barnea boshchiligidagi isroilliklar delegatsiyasi hali ham Dohada bo‘lib turibdi va vositachilar bilan kelishuv detallari muhokamasini davom ettirmoqda, deb xabar bergan Quddusdagi manbalar. Ushbu delegatsiya a’zolari roziligisiz tor doiradagi harbiy kabinet va vazirlar kabineti ovoz berish jarayonini boshlay olmaydi.

Isroil Hamasning aynan qaysi bandlarni bajarishdan bosh tortayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilgani haqida chorshanba kuni kechqurun xabar tarqalgandi. Muzokaralardagi asosiy vositachilar — Qatar va AQSh tomoni buni fakt sifatida e’lon qilgandi.

Ammo Isroil tomoni, Vashingtonning bosimiga qaramay, birorta ham aniq bayonot bergani yo‘q. Tahlilchilar fikricha, Isroil shu orqali xalqaro vositachilar barvaqt entuziazmga berilganini ko‘rsatmoqda.

Hamas siyosiy byurosi a’zosi Izzat ar-Rashaq esa Falastin harakati kelishuvga sodiq ekanini aytdi. «Hamas vositachilar tomonidan e’lon qilingan otashkesim kelishuviga sodiqdir» dedi u.

Shu kunlarda Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Italiyaga ishchi tashrifini muddatidan oldin yakunlab, vataniga qaytgandi.

BBC’ning Quddusdagi manbalari aytishicha, vazirlar o‘rtasida alohida norasmiy maslahatlashuvlar tundayoq boshlangan.

Kelishuvga kutilganidek moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir qarshi chiqmoqda. Ularning ikkisi ham ultrao‘ng qarashlari va G‘azodagi harbiy amaliyotni qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan.

Avvalroq Ben-Gvir Qatardagi kelishuv Isroil Hamas qarshisida taslim bo‘lishiga teng ekanini aytgandi. U ham, Smotrich ham agar Isroil guruhni butunlay yakson etish maqsadidan qaytadigan bo‘lsa, iste’foga chiqish bilan tahdid qilgan.

Agar ular shunday yo‘l tutadigan bo‘lsa, Isroilni navbatdagi siyosiy inqiroz kutadi. Smotrich va Ben-Gvir rahbarligidagi ikki partiyasiz hukmron koalitsiya kamida parlamentdagi ko‘pchilik o‘ringa egalik qila olmaydi, maksimumda esa — parchalanadi.