Jahon | 13:46 / 22.01.2025
2253
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Voronej oblastidagi neft omboriga qilingan hujumni tasdiqladi

"Liskinskaya" neft bazasiga bir hafta ichida ikkinchi marta uyushtirilgan hujum natijasida yonilg‘i-moylash materiallari bo‘lgan sisternalar zarar ko‘rgan, deya ma’lum qildi Ukraina Bosh shtabi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi 21 yanvar, seshanbaga o‘tar kechasi Voronej oblastidagi "Liskinskaya" neft bazasiga Ukraina uchuvchisiz uchoqlari tomonidan qilingan hujumni tasdiqladi. Bosh shtabning Facebookʼdagi rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha, "Rosneft"ga tegishli energiya inshootiga bir hafta ichida ikkinchi marta uyushtirilgan hujum natijasida yonilg‘i-moylash sisternalari zarar ko‘rgan.

Bundan tashqari, Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi Smolensk aviatsiya zavodiga uchuvchisiz uchoqning muvaffaqiyatli zarbasi haqida xabar berdi. Aviazavodda Ukraina harbiylariga ko‘ra, jangovar samolyotlar ishlab chiqarish infratuzilmasi shikastlangan.

Avvalroq Rossiya rasmiylari va ommaviy axborot vositalari Ukraina uchuvchisiz uchoqlari 21 yanvarga o‘tar kechasi Rossiya Federatsiyasining olti mintaqasiga hujum qilgani haqida xabar bergan edi. Smolensk va Voronej oblastlaridan tashqari Rostov, Saratov, Belgorod va Bryansk oblastlarida ham zarbalar kuzatildi. Qozon va Ulyanovsk aeroportlarida «Kover» rejasi — uchuvchisiz uchoq hujumi ehtimoli tufayli samolyotlarning uchishi va kelishiga cheklovlar joriy etildi.

Mavzuga oid

E`lonlar