«O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi huzuridagi “Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi» davlat muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, quyidagilar Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

- radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat siyosatini yuritish va tartibga solish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar hamda ilmiy-texnik ishlar asosida takliflar (tavsiyalar) ishlab chiqish;

- atom energiyasidan foydalanish obektlarining va (yoki) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatning xavfsizligini asoslashga doir ekspertiza o‘tkazish;

- atom energiyasidan foydalanish sohasida radiatsiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha normativ bazani rivojlantirish va takomillashtirish;

- radiatsiya va yadro xavfsizligi masalalari bo‘yicha davlat dasturlari, xalqaro loyihalar hamda dasturlarni ishlab chiqishda, shuningdek, nazorat va litsenziyalash faoliyatini texnik, tahliliy hamda eksperimental qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etish;

- radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda ilmiy asoslangan xavfsizlik, modellashtirish va hisoblash tahlilini o‘tkazish;

- radiatsiya va yadro xavfsizligini tartibga solish sohasida ma’lumotlar bazalarini ishlab chiqish, yaratish, shakllantirish va saqlash;

- o‘z vakolati doirasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.