Trampning matbuot xizmati “yuzlab noqonuniy jinoyatchilar” deportatsiya qilinganini xabar qilib, boshlangan jarayonni “tarixdagi eng katta ommaviy deportatsiya amaliyoti” deb atadi.

“Va’da qilinganidek, prezident Tramp dunyoga kuchli messej yuboryapti: Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy kiradiganlar jiddiy oqibatlarga ro‘baro‘ bo‘ladi”, – deyiladi rasmiy relizda.

23 yanvar, payshanba kuni 538 nafar muhojir ushlangan, shulardan 373 nafari – jinoiy faoliyati uchun qo‘lga olingan.

Deportatsiya qilinganlar orasida terrorizmda gumonlangan shaxs, Venesueladagi “Tren de Aragua” jinoiy guruhning to‘rt a’zosi va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlarda ayblangan bir nechta nolegal shaxs ham bor, deya ma’lum qildi prezidentning matbuot kotibi Kerolin Levitt.

Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida “Tren de Aragua” jinoiy guruhi Kolorado shtatidagi Aurora shahrini “urush zonasi”ga aylantirib yuborganini aytgan.

AQSh-Meksika chegarasi yaqinida, 23 yanvar 2024 yil / Foto: Gregory Bull/AP
23 yanvar kuni 80 nafar erkak AQShning Texas shtati va Meksikani bog‘lovchi ko‘prik orqali Meksikaga qaytarib yuborildi. / Foto: Christian Torres/Anadolu via Getty

AQShda bo‘lish uchun qonuniy asoslarga ega bo‘lmagan shaxslarni hibsga olish amaliyoti Tramp inauguratsiyasining ertasiga, 21 yanvardan boshlangan. Fox News'ga ko‘ra, dastlabki ikki kunda 460 kishi ushlangan. Dastlabki ikkita harbiy reysda taxminan 80 nafardan migrant vataniga tashlab kelingani aytilmoqda.

Amerika harbiy samolyotlari migrantlar deportatsiyasiga jalb etilishi yaqin yillarda kuzatilmagandi.

Texas shtatidagi El Paso harbiy aerodromi / Foto: Oq uy matbuot xizmati
Texasda, Meksika bilan chegarada qurilayotgan devor / Foto: Charly Triballeau/AFP via Getty