Senat “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish haqidagi qonunni tasdiqladi.

Qonun xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, qo‘mita ekspertlar kengashi a’zolari va malakali mutaxassislar muhokamasidan o‘tgan.

Faxriy unvon:

— ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish, asrab-avaylash, bioxilmaxillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasida salmoqli natijalarga erishgan,

 — ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish, yashil hududlarni kengaytirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan,

— aholining ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash hamda tizimda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlar va soha vakillari, shuningdek, mazkur yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini olib borayotgan ekofaollarga berilishi nazarda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, ko‘krak nishoni 925 probali kumushdan tayyorlanadi.