Zamon talabiga javob bermaydigan yo‘nalishlar bakalavriatda 40 foiz, magistraturada esa salkam 20 foizni tashkil etadi. Ba’zi sohalarda ilmiy izlanish olib borish uchun adabiyotlar yetarli emas. Xo‘sh, ilm bilan bog‘liq og‘riqli nuqtalarga qanday yechimlar ishlab chiqilyapti? Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan islohotlarning ilk natijalari qanday? Oldinda hal etilishi lozim bo‘lgan qanday dolzarb muammolar bor? “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi" mas’ullari Kun.uzʼga bu haqida so‘zlab berdi.
Hayotini yaxshilashning eng muhim faktorlaridan biri bu – shubhasiz sifatli ta’limdir. Sohalardagi o‘sish, yangi texnologiyalar, puxta xizmat, malakali mutaxassislar – barchasining ildizi ta’limga borib taqaladi. Ayni shu sabab hukumat tomonidan o‘quv tizimi va samaradorligini oshirishga e’tibor qaratilyapti. Davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi ham buning bir dalilidir.
Mazkur tashkilot o‘qituvchilarni tayyorlash dasturlarini takomillashtirish, ta’lim xizmatlarini xalqaro standartlarga moslashtirish missiyasi bilan ish boshlagan. Xo‘sh, loyiha ofisi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan dasturlar ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda?
Ta’lim siyosatini reformatsiyalashdagi dastlabki ish ta’lim sohalari kesimida kontent sifatini yaxshilashdan boshlangan. Tashkilot direktori Adham Xudayqulovning aytishicha, tizimda o‘quv dasturlari eskirgan, ularni yangilash zarurati tug‘ilgan.
“Muhandislik, qurilish sohalarini oladigan bo‘lsak, bu yo‘nalishdagi darsliklar hozirgi zamon talabiga javob bermaydi, o‘quv dasturlari eskirgan. Ayrim mavzularni o‘rganishga vaqtimizni behuda sarflaganmiz”, – deydi u.
Direktorning qo‘shimcha qilishicha, oliy ta’limdagi o‘quv yo‘nalishlarining bazaviy adabiyotlari ro‘yxati shakllantirilib, xorij manbalaridan shartnoma asosida foydalanish huquqi olingan. Oliy ta’lim vazirligi bilan uzviy hamkorlikda ularning tarjimasi yo‘lga qo‘yilgan.
Loyiha ofisi xodimlarining ma’lum qilishicha, sifatli ta’lim tizimini shakllantirish maqsadida oliy ta’lim klassifikatori xalqaro tasniflagich asosida maqbullashtirilib, xalqaro standartlarga moslashtirilgan. Unga ko‘ra, eskirgan va umumlashtirsa bo‘ladigan yo‘nalishlar ro‘yxati shakllantirilgan. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari 306 tadan 183 taga, 625 tadan 528 taga qisqartirilgan.
“Bakalavriatda 40 foiz, magistraturada 20 foizga yaqin yo‘nalishlarning talabga javob bermasligini aniqladik. Shu sabab ba’zilari qisqartirildi, ayrimlari bitta soha kesimida umumlashtirildi





