Ukrainaning «Strana.ua» nashri AQSh prezidenti Donald Tramp jamoasi tomonidan urushni 100 kun ichida yakunlash bo‘yicha tuzilgan rejani e’lon qildi, nashrning yozishicha, u so‘nggi kunlarda «Ukrainadagi siyosiy va diplomatik doiralarda faol muhokama qilinmoqda».

Sulh tuzish grafigi

«Strana.ua» amerikaliklar bu rejani yevropalik diplomatlarga bergani, ulardan esa hujjat Ukrainaga kelgani haqida xabar qilgan, ammo u tahririyat ixtiyoriga qanday kelib qolganiga aniqlik kiritilmagan. Bu reja haqiqiyligi tasdiqlanmagan. Nashr faqat undagi bandlarning bir qismi Trampning va uning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogning bayonotlariga mos kelishini ta’kidlaydi.

«Strana.ua» ma’lumotiga ko‘ra, reja Tramp yanvar-fevral oylarida Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilishi, keyin esa Kiyev bilan kelgusi harakatlarni muhokama qilishini nazarda tutadi. Keyingi bosqichda Volodimir Zelenskiy Putin bilan muzokaralar o‘tkazishni taqiqlovchi farmonini bekor qilishi kerak bo‘ladi. Keyin esa fevralda yoki mart oyining birinchi yarmida Trampning Zelenskiy va Putin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tadi — nashrning qayd etishicha, bu ikkitomonlama yoki uchtomonlama bo‘lishi alohida hal qilinadi. Bu uchrashuvda tinchlik rejasining asosiy parametrlari tasdiqlanishi kerak.

Muzokaralar va harbiy harakatlar olib borilayotgan vaqt mobaynida Tramp Ukrainaga harbiy yordam yuborishni bloklamaydi.

Keyingi bosqichda Pasxa bayramida front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilish taklif etilgan, bu yili bayram 20 aprel kuni nishonlanadi. Ukraina esa qo‘shinlarini Kursk oblastidan olib chiqishi kerak bo‘ladi. Aprel oyi oxirida Xalqaro tinchlik konferensiyasi o‘tkazilib, unda AQSh, Xitoy, Yevropa hamda global Janub mamlakatlari vositachiligida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi rasmiylashtirilishi mumkin. Keyin esa Ukraina va Rossiya «barchani barchaga» formatida asirlar almashuvi amalga oshiradi.

Urushni yakunlash to‘g‘risidagi tinchlik konferensiyasi deklaratsiyasi 9 mayga qadar tayyor bo‘lishi kerak, shundan keyin Ukrainada harbiy holat va safarbarlik muddatini uzaytirmaslik taklif etiladi. Rejaning so‘nggi bosqichini nashr avgust oyida prezidentlik saylovlari, oktyabr oyi oxirida parlament saylovlari o‘tkazish deb atagan.

Kelishuv shartlari