Jahon | 11:48 / 30.01.2025
1958
3 daqiqa o‘qiladi

Bundestag migratsiyani cheklash tashabbusini ma’qulladi

Germaniya qonun chiqaruvchilari muxolifatdagi konservatorlarning noqonuniy muhojirlarga qarshi radikal choralar to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini uch ovoz farqi bilan ma’qulladi.

Foto: Michael Kappeler/dpa/picture alliance

Germaniya Bundestagidagi eng yirik muxolifat fraksiyasining immigratsiya qonunchiligini tubdan qat’iylashtirish to‘g‘risidagi rezolyutsiya loyihasi ko‘pchilik deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 29 yanvar, chorshanba kuni qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng XDI/XSI bloki taklif qilgan besh banddan iborat hujjat ma’qullandi, jumladan, doimiy chegara nazoratini joriy etish, chegarada boshpana so‘raganlarni rad etish va hokimiyat tomonidan mamlakatni tark etishga buyruq berilgan chet elliklarni hibsga olish imkoniyati shularga kiradi.

Tashabbusni konservatorlar, liberallar va o‘ng populistlar qo‘llab-quvvatladi

Takroriy ovoz berish jarayonida 348 deputat rezolyutsiya uchun ovoz berdi, 345 nafari qarshi chiqdi, 10 nafari esa betaraf qoldi. Hukmron Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) va "Alyans-90"/"Yashillar", shuningdek, So‘l partiya bunga qarshi chiqdi. So‘l populist "Sara Vagenknext alyansi" ovoz berishda betaraf qolishini e’lon qildi. Ovoz berishdan oldin Germaniya kansleri Olaf Shols muxolifat taklif qilgan choralarni ma’qullamaslikka chaqirdi.

Shu bilan birga, Reuters qayd etganidek, qabul qilingan rezolyutsiya federal hukumat va umuman mahalliy organlar uchun majburiy emas.

XDI/XSIning huquqni muhofaza qilish organlari uchun qo‘shimcha vakolatlarni taqdim etishi kerak bo‘lgan ikkinchi tashabbusi qo‘llab-quvvatlanmadi. Unga 190 deputat ovoz berdi, 509 nafari qarshi, 3 nafari betaraf qoldi. Munozara davomida GSDP, "Yashillar", So‘l partiya, SVA, GuM va ErDP a’zolari XDI/XSI taklifiga qarshi chiqishdi, deya xabar beradi dpa.

Germaniya 43 000 dan ortiq kishiga chegarada davlatga kirishga ruxsat bermadi

Germaniya Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, mamlakat chegaralarida politsiya tekshiruvlari qaytganidan keyin o‘n minglab odamlarning Germaniyaga kirishiga to‘siq paydo bo‘ldi. Nazorat 2023 yil oktyabr oyida joriy etilganidan beri – avvaliga to‘rtta davlat bilan chegaralarda va 2024 yilning kuzidan boshlab Germaniyaning barcha chegaralarida – 43,5 ming kishiga kirishga ruxsat berilmagan, dedi departament vakili 27 yanvar kuni Berlinda jurnalistlarga.

«Bu noqonuniy kirishlar katta qismining rad etish orqali oldi olinganligini anglatadi», — deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters. Ichki ishlar vazirligi vakilining ta’kidlashicha, «munozaralarda ko‘pincha bunga e’tibor berilmaydi». Biroq, federal hukumat nuqtayi nazaridan, «butunlay tartibsiz» chiqarib yuborish mumkin emas.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid