Joriy yil fevral oyi 6–7 kun davomida saqlanib turadigan quruq ob-havo bilan boshlanadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.
Ushbu davr boshida havo harorati kechalari 0…–5 daraja, kunduz kunlari +3…+8 daraja atrofida bo‘ladi. 6–7 fevral kunlariga kelib nisbatan iliqlashadi. Kunduz kunlari havo +12…+15 darajagacha, shimolda +5…+8 darajagacha isiydi.
Keyinchalik, oyning oxirigacha, harorat kechalari +2…+7 darajadan –3…–8 darajagacha, kunduz kunlari +10…+15 darajadan 0…+5 darajagacha bo‘ladi. Shimolda kechalari –2…+3 darajadan –8…–13 darajagacha, kunduz kunlari +5…+10 darajadan 0…–5 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Respublika hududi bo‘yicha birinchi o‘n kunlik oxirida asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda 2–3 kundan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi kutilmoqda.
Fevral oyida respublika hududi bo‘yicha oylik yog‘ingarchilik miqdori o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan ko‘p bo‘lmaydi.
O‘tgan yillarda fevral qanday bo‘lgan?
Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyi yanvar oyiga nisbatan o‘rtacha 2–2,5 darajaga, tog‘larda 1–1,5 darajaga iliqroq bo‘ladi. Ammo qish oylarining ob-havosi bir xillikka moyil emas va turli yillarda O‘zbekistonda fevral oylari har xil bo‘lgan.
Ushbu asrda umuman olganda 2004, 2016 va 2021 yillarning fevral oylari eng iliq oylar bo‘lib, o‘rtacha oylik harorat iqlimiy me’yordan 3–6 darajaga yuqori bo‘lgan. Ushbu yillarda eng iliq davrlarda havo harorati +22…+27 darajagacha, janubda +28…+30 darajagacha ko‘tarilgan. Bunday sharoitlar bahor faslining o‘rtalariga xosdir.
O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun fevral oyidagi maksimal haroratning mutlaq rekordlari respublika hududining katta qismida 2016 va 2021 yillarda kuzatilgan.
Ammo eng iliq yillarda ham fevral hali ham qish oyi ekanini unutmaydi. Ko‘pincha havo jadal isishidan so‘ng qisqa muddatga qishki sovuqlar qaytadi. Shunday qilib, 2021 yil fevral oyida anomal iliq ob-havodan (me’yordan 8–13 darajaga yuqori) so‘ng, oyning oxirgi haftasida havo harorati –10…–15 darajagacha pasaygandi, deyiladi hisobotda.
Mazkur asrda eng sovuq davrlar 2008, 2012 va 2014 yillarning fevral oylarida kuzatilgan bo‘lib, bunda o‘rtacha oylik harorat me’yordan 4–8 darajaga past bo‘lishi kuzatilgan. Respublika hududining katta qismida minimal havo harorati –12…–17 darajagacha, shimolda –24…–29 darajagacha pasaygan.


















