28 yanvar kuni Rossiyaning yuqori martabali mulozimlari delegatsiyasi Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan buyon ilk marta Suriyaga keldi. Uning asosiy maqsadi mamlakatning yangi hukumati bilan ikkita yirik harbiy obekt — Tartusdagi harbiy-dengiz porti va Lataqiya shahri yaqinidagi Hmeymim aviabazasini Rossiya nazoratida qoldirish bo‘yicha kelishish edi. Muzokaralar yakunlariga ko‘ra Rossiya vakillari «vaziyat og‘irligi»ni aytishmoqda.

Damashqqa Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov va Rossiya prezidentining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Aleksandr Lavrentev uchib kelgan. Bundan tashqari, Rossiya delegatsiyasi tarkibidan Birlashgan don kompaniyasi (United Grain Company) hamda «STG Injiniring» kompaniyasi vakillari ham o‘rin olgan.

Suriyaning yangi hukumati tomonidan muzokaralarda vaqtincha hukumat ma’muriyati rahbari Ahmad ash-Shar’a, tashqi ishlar vaziri Asaad ash-Shibaniy va sog‘liqni saqlash vaziri Mohir ash-Shar’a ishtirok etdi, deb xabar bergan jurnalistlarga Bogdanov.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, uch soatga yaqin davom etgan muzokaralar konstruktiv ruhda o‘tgan, Rossiya delegatsiyasi uning davomida Suriyaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan.

Bogdanov uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalar ham muhokama qilinganini qayd etgan: xususan, Rossiya tomoni Suriya infratuzilmasi rivojiga hissa qo‘shgani va buni davom ettirishga tayyorligini eslatgan.

«Umuman olganda, uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tdi, unda yaxshi muhit hukm surdi. Ammo biz vaziyat qanchalik og‘ir ekanini tushunamiz», — deya Bogdanovning so‘zlarini keltirgan «Interfaks».

«O‘tmish xatolarini to‘g‘rilash»

Delegatsiya hal qilishni ko‘zlagan asosiy masala — Rossiyaning Hmeymim aviabazasi hamda Tartus harbiy-dengiz portidagi mavjudligini saqlab qolish — hal qilinmay qolgan.

«Hozircha hech narsa o‘zgarmadi. Bu masala qo‘shimcha muzokaralarni talab etadi. Hamkorligimizning har bir yo‘nalishi bo‘yicha chuqurroq maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldik», — degan Bogdanov.

U Rossiya tomoni Suriyada ham, Rossiyada ham kontaktlarni davom ettirishga tayyorligi va «agar shunday istak bo‘lsa», Suriya tashqi ishlar vazirini Moskvada qabul qilishga tayyorligini ta’kidlagan.