Shovotda profilaktika inspektori eri Rossiyada bo‘lgan ayolning uyida ushlandi
Profilaktika inspektori 31 yanvar tunda ayolning uyida bo‘lgan vaqtida erning qarindoshlari tomonidan ushlab olingan. IIV ushbu harakatlari uchun xodimni ichki ishlar organlari safidan bo‘shatish masalasi ko‘rib chiqilayotganini bildirdi.

Foto: Videodan kadr
Xorazm viloyati Shovot tumanidagi Idaliqal’a mahallasi profilaktika inspektori o‘zi xizmat olib boradigan hududda yashovchi begona ayol bilan “qo‘lga tushdi”. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, profilaktika inspektori (xodimning ismi tahririyatga ma’lum) ushbu mahallada yashovchi, ishlab pul topish uchun Rossiyaga ketgan erkakning turmush o‘rtog‘i bilan uning xonadonida “don olishib” yurgan. U joriy yil 31 yanvar kuni yarim tunda navbatdagi “tashrifi” chog‘ida erning yaqin qarindoshlari tomonidan ushlab olingan.
Kun.uz’ga kelib tushgan videolavhada ko‘rinishicha, profilaktika inspektori yuzini yashirgan holda xonadondan chiqib ketishga uringan. Ammo erkakning ukasi tomonidan to‘xtatib qolingan.
“Men sening ortingdan uzoq kuzatdim. Bir kelib ketding, indamadim, ikki kelib ketding, ichimga yutdim. Buning eri 1 so‘m topsa, 2 so‘m qilib yuboray deya Rossiyada ishlab yuribdi. Sening o‘z oilang yo‘qmi? Nima qilganing bu?” degan ayolning qaynukasi xodimga qarab.
Voqea joyiga boshqa yoshi katta qarindoshlar, tuman IIB mas’ullari chaqirilgan. Chaqiruv bo‘yicha kelgan IIB mas’ullari holatga oydinlik kiritish maqsadida profilaktika inspektori hamda guvohlarni IIB binosiga olib ketgan.
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov ushbu holat bo‘lganini Kun.uz’ga tasdiqladi. Uning bildirishicha, hozirda xizmat tekshiruvi o‘tkazilyapti hamda profilaktika inspektorini ichki ishlar organi xodimi sha’niga putur yetkazuvchi harakatlari uchun IIO safidan bo‘shatish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Mavzuga oid

18:55 / 01.04.2025
Shovotda benzin sisternasiga tushgan yigit zaharlanib vafot etdi

16:38 / 18.03.2025
Xorazm viloyatining uchta tumanida hokim o‘zgardi

15:44 / 16.03.2025
Xorazmda yer maydonini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

21:03 / 31.01.2025