AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMAS manziliga tahdidiy bayonotlar berdi. Xususan, Tramp uning gapiga kirmasa, hamaschilarni «haqiqiy jahannam kutishini» aytdi. Netanyahu esa TSAHAL urushni tiklab, HAMASni butkul yo‘q qilmay qo‘ymasligi haqida gapirdi.

Barchasi HAMASning sulh shartlarini bajarishni bir muddat to‘xtatishini e’lon qilishidan boshlandi. Dushanba kuni harakat isroillik asirlarni ozod qilishning navbatdagi bosqichini noma’lum muddatga qoldirishini ma’lum qildi. Sabab sifatida Isroil kelishuvni buzgani keltirildi. HAMASga ko‘ra, Isroil g‘azoliklar shahar shimoliga ko‘chishiga qarshilik qilgan, turli hududlarda ularga qarata o‘q uzilgan. Shuningdek, bo‘lgaga humanitar yordam yuklari kirishiga to‘sqinlik qilgan.

«Shu bois 15 fevral, shanba kuniga belgilangan asirlarni ozod qilish jarayoni keyingi e’lon berilgan muddatgacha qoldiriladi», deyiladi harakat bayonotida.

HAMAS navbatdagi bayonotida muzokara uchun eshiklar ochiqligini aytib, vositachilarni faol bo‘lishga chaqirdi. Ko‘p o‘tmay Isroil tashqi ishlar vaziri Israyel Kats holatga munosabat bildirib, HAMASning bayonoti sulh kelishuvining buzilishi ekanini aytdi. Shuningdek, vazir TSAHALga G‘azodagi urushning har qanday ssenariysiga tayyor turish bo‘yicha ko‘rsatma berganini ta’kidladi. «7 oktyabr takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi diplomat Kats.

Chindan HAMASning bayonotidan keyin Isroil mudofaa armiyasi TSAHAL to‘liq jangovar holatga keltirildi.

Tramp nima dedi?

AQSh prezidenti Donald Tramp holatga munosabat bildirarkan, HAMAS shanba kuni tushgacha asirlarni qo‘yib yubormasa, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi to‘liq bekor bo‘lishi kerak deb hisoblashini aytdi. «Bu mening gapim, Isroil hukumatidagilar bunday hisoblamasligi mumkin», deb qo‘shimcha qildi Tramp.

«Agar asirlar qaytarilmasa, haqiqiy jahannam boshlanadi. HAMAS men nimani nazarda tutayotganimni yaxshi tushunadi», dedi Tramp harakat manziliga qaratilgan tahdidli bayonotida.

HAMAS Trampning tahdidiga tezda javob qaytardi. «Tramp orada ikki tomon amal qilishi kerak bo‘lgan kelishuv borligini, asirlarni qaytarishning yagona yo‘li unga amal qilish ekanini esdan chiqarmasligi kerak. Tahdid bilan hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi, u faqat vaziyatni yomonlashtirishi mumkin», dedi Reuters bilan suhbatda harakatning yuqori martabali mulozimi Sami Abu Zuhri.