Jahon | 07:07 / 14.02.2025
4774
3 daqiqa o‘qiladi

Tiklanayotgan Ag‘dam: u yaqin kelajakda eng jozibali turistik yo‘nalishlaridan biriga aylanadi

Jozibali tabiati, tarixiy va madaniy yodgorliklari bilan mashhur bo‘lgan Ozarboyjonning Qorabog‘ go‘shasi ulkan sayyohlik salohiyatiga ega.

Ayni paytda qurilish va tiklash ishlari bilan bir qatorda, mahalliy aholini o‘z yurtiga qaytarish, hududning turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanish va uni raqobatbardosh yo‘nalishga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda Ag‘dam shahrida keng ko‘lamli infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda, tarixiy-madaniy yodgorliklar tiklanmoqda, zamonaviy mehmonxonalar qurilmoqda.

Ag‘dam, Fuzuliy va Xo‘javand tumanlarida tiklash, qurilish va boshqaruv ishlari xizmati matbuot kotibi Laylo Sarobiyning ma’lum qilishicha, arman vandalizmiga duch kelgan tarixiy-me’moriy yodgorliklar orasida Imorat majmuasi ham bor.

Foto: AzerTAC

O‘tgan yili Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning topshirig‘iga ko‘ra, majmua kapital restavratsiya qilindi. 3,3 gektar maydonni egallagan Imorat majmuasi turli marosimlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan binolar, maqbaralar, tarixiy qabriston, Qorabog‘ otlarini namoyish qilish uchun mo‘ljallangan otxona va mehmonlar markazidan iborat.

Foto: AzerTAC

Bu majmua nafaqat Qorabog‘, balki butun Ozarboyjonning muhim turistik va madaniy markazlaridan biri hisoblanadi. Tashrif buyuruvchilar bu yerda bog‘, mehmonlar markazi, muzey va kafe xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.

Agdam shahridagi Juma masjidi Haydar Aliyev fondi tomonidan restavratsiya qilindi. Shuningdek, G‘iyosli masjidi va Qorabog‘ hududidagi eng mashhur yodgorliklardan biri — Shohbuloq qal’asini tiklash ishlari davom etmoqda.

2023 yil 19 sentabr kuni Prezident Ilhom Aliyev ishtirokida Ag‘dam shahrida Aghdam City Hotel mehmonxonasi ochildi. Hozirda Hilton Garden Inn mehmonxonasining qurilishi davom etmoqda.

Foto: AzerTAC

Aghdam City Hotel mehmonxonasining operatsiyalar rahbari Oyxon Jabborovning ta’kidlashicha, besh qavatli mehmonxona 130 ta xonani o‘z ichiga oladi, shuningdek, restoranlar, konferensiya zallari va keng qabulgoh zali mavjud. Mehmonlar salomatligi va hordiq chiqarishi uchun fitnes va SPA markazlari tashkil qilingan. Xalqaro standartlarga javob beradigan bu mehmonxonada ikki xona imkoniyati cheklangan mehmonlar uchun, to‘rt xona esa uzoq muddat yashashni xohlaganlar uchun mo‘ljallangan.

Agdamdagi yana bir qurilayotgan mehmonxona — Hilton Garden Inn. Loyiha rahbari Sinan Rajablining ma’lum qilishicha, 2,16 gektar maydonda barpo etilayotgan mehmonxona 127 xonali bo‘ladi. U yerda yopiq basseyn, fitnes va SPA markazlari, shuningdek, terrasali restoranlar faoliyat yuritadi. Qurilish ishlari yakunlanish arafasida – temir-beton ishlari 90 foiz, fasad ishlari 70 foiz, ichki santexnika va pardozlash ishlari esa 40-50 foizga bajarilgan. Loyiha joriy yilning uchinchi choragida to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlar va rivojlanish loyihalari Ag‘damning yaqin kelajakda mintaqa sayyohlari uchun eng jozibali yo‘nalishlardan biriga aylanishini anglatadi.

Mavzuga oid

E`lonlar