Jahon | 14:30 / 17.02.2025
1131
3 daqiqa o‘qiladi

Avstriyada o‘tkinchilarga pichoq bilan hujum qilgan shaxs IShIDga aloqador bo‘lgan

Avstriyada o‘tkinchilarga pichoq bilan hujum qilgan suriyalik IShID guruhiga aloqador bo‘lgan. Terrorizm bo‘yicha ekspert Piter Noyman bir necha oy oldin e’lon qilingan yangi «hujumlar to‘lqini» haqida gapirdi.

Foto: Gerd Eggenberger/APA/AFP

Avstriyaning Fillax shahrida o‘tkinchilarga pichoq bilan hujum qilgan Suriya fuqarosi IShID terrorchilik guruhiga aloqador bo‘lgan. Bu haqda 16 fevral, yakshanba kuni Avstriya ichki ishlar vaziri Gerxard Karner jurnalistlarga ma’lum qildi.

Avstriyadagi hujum

Vazir voqeani «IShID bilan bog‘liq hujum» deb atadi. Karnerning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchi «internetda tez radikallashgan». Uning kvartirasida tintuv o‘tkazilganda «radikal g‘oyalarning yaqqol dalili» va devordagi IShID bayrog‘i topilgan. U yerda hech qanday qurol yoki «boshqa xavfli narsalar» aniqlanmadi. Tergov shuni ko‘rsatadiki, jinoyatchi yolg‘iz harakat qilgan.

Karner bunday hujumlarning oldini olish uchun tasodifiy «maxsus maqsadli guruhlarni, ya’ni suriyalik yoki afg‘onistonlik bo‘lgan boshpana izlovchilarni» ommaviy tekshiruvdan o‘tkazish niyatida ekanini aytdi.

Terrorizm bo‘yicha nemis eksperti va London Qirollik kolleji professori Peter Noyman X ijtimoiy tarmog‘ida Myunxen va Fillaxdagi hujumlar «bir necha oy avval e’lon qilingan hujumlar to‘lqinining bir qismi» ekanini yozdi.

Fillaxdagi hujum

15 fevral kuni 23 yoshli suriyalik Fillaxda pichoq bilan bir necha o‘tkinchiga hujum qildi. U 14 yoshli o‘smirni o‘ldirgan, yana besh kishini jarohatlagan, ulardan uch nafari og‘ir ahvolda. Yaralanganlar orasida 15 yoshli ikki o‘smir ham bor. Gumonlanuvchi boshpana so‘ragan shaxs bo‘lib, amalda yashash uchun ruxsatnomaga ega va sudlanmagan.

Karintiya protestant superintendanti Manfred Zauer Yaqin Sharqdan kelgan barcha muhojirlarga nisbatan nafrat uyg‘otmaslikka chaqirdi. "Biz bilamizki, hujumchiga qarata mashinasini yo‘naltirib, yanada og‘ir voqea sodir bo‘lishining oldini olgan ham suriyalik edi". Avvalroq 42 yoshli yetkazib berish xizmati haydovchisi o‘z mashinasi bilan Fillaxda jinoyatchini urib yuborgani xabar qilingandi. Avstriyada jami 100 mingga yaqin suriyalik qochqin yashaydi.

Mavzuga oid